Tibetda 7 balli zilzila: qurbonlar bor
Tibetda sodir bo‘lgan 7 magnitudali zilzila oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, 54 kishi jarohatlandi. Kuchli silkinish Nagchu shahri va uning atrofidagi yuzlab uylarni vayron qilgan.
Ta’kidlanishicha, zilzila mahalliy vaqt bilan payshanba kuni soat 22:33 da, Nagchudan 191 kilometr uzoqlikdagi tog‘li hududda sodir bo‘lgan. Xitoy davlat telekanali bu mintaqada so‘nggi besh yilda qayd etilgan eng kuchli zilzila ekanini xabar qildi. Shuningdek, tabiiy ofat natijasida kamida 339 ta uy va chorva mollari saqlanadigan 20 ta bino qulagan.
Hududda qutqaruv ishlariga 1 600 dan ortiq kishi jalb qilingan, jabrlanganlarga vaqtinchalik boshpanalar, ko‘rpa-to‘shaklar va qishki kiyimlar yetkazilmoqda.
Zilziladan keyin magnitudasi 4,3 dan 5,2 gacha bo‘lgan kamida yettita takroriy silkinish qayd etilgan. Ko‘chkilar sababli 317 milliy avtomobil yo‘lining bir qismi yopilgan, ayrim hududlarda aloqa uzilgan va poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Hududda yaqin uch kun ichida qor yog‘ishi kutilmoqda, bu esa qutqaruv ishlarini qiyinlashtirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA