Rossiya AQSHga yon bermoqchi emas (+video)
RF Qo‘shma Shtatlar bilan muzokarada iqtisodiy takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, ammo siyosiy tomondan yon bermoqchi emas. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Moskva Stiv Uitkoff va Jared Kushner olib kelgan takliflarni ko‘rib chiqadi, biroq hech qanday iqtisodiy manfaat evaziga siyosiy pozitsiyasini o‘zgartirmaydi.
Yaqinda Oq uy rahbarining maxsus elchisi Uitkoff RF yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sankt-Peterburgga keldi. Bundan avval u Osloda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazgan edi. Uchrashuvda nizoni tugatish va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Lavrov Rossiya va AQSH munosabati tez orada tubdan o‘zgarishiga umid qilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, Moskva boshqa davlatlarning qo‘llab-quvvatlashiga tayanmasdan, o‘z kuchiga ishonishi lozim.
Kreml vakili Dmitriy Peskov Rossiyaga energetika ob’ektlariga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish emas, balki uzoq muddatli tinchlik kerakligini bildirdi. Shu bilan birga u Ukraina ishtirokisiz mojaroni to‘liq hal qilib bo‘lmasligini ham tan oldi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbarini RF bilan kelishuvga erishishga chaqirdi. Uning fikricha, ziddiyat davom etsa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin. Zelenskiy esa Ukraina kelajagiga oid har qanday muzokarada mamlakat vakillari ishtirok etishi shartligini qayd etdi. Shuningdek, u Yevropa davlatlari tomonidan puli to‘langan havo mudofaasi raketalarini yetkazib berish kechikayotganidan norozilik bildirdi.
Tramp kelasi oy Xitoyda Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan yadroviy qurolsizlanish masalasini muhokama qilish niyatida ekanini aytdi. Ukrainadagi urush masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin olishi mumkin.
Umuman, Moskva iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha takliflarni muhokama qilishga tayyorligini bildirmoqda, biroq siyosiy pozitsiyasini o‘zgartirish niyati yo‘q. Ukraina esa o‘z kelajagiga oid qaror qabul qilinadigan muzokarada bevosita ishtirok etish niyatida.
Kenja Bekjonov,
Salimjon Obidjonov (video),
O‘zA