Tibbiyotdagi islohotlar inson salomatligi uchun xizmat qilmoqda
Tibbiyot sohasidagi islohotlar, ayniqsa, chekka hududlarda aholiga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi bugun o‘z samarasini bermoqda. Bunda bir necha yillar oldin murakkab amaliyotlar uchun poytaxtga yoki xorijga borishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endilikda tajribali shifokorlarning joylarga chiqib mahorat darslari va operatsiyalar o‘tkazishi an’anaga aylandi.
Respublika bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh yuqori malakali mutaxassislari Uchquduq tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limida o‘ta murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Malakali jarrohlar tomonidan 8 yoshli Gulsezim Berdaliyeva muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.

U tug‘ma yurak nuqsoni kasalligi bilan dunyoga kelgan bo‘lib, yillar davomida bu xastalik uning erkin nafas olishi, tengdoshlaridek sho‘x-shodon o‘sib-ulg‘ayishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi. Bunday nozik yoshdagi bolada yurak sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish nafaqat yuksak mahorat, balki juda katta mas’uliyat va aniqlikni talab etardi. Jarrohlik amaliyoti tajribali shifokorlar Ixtiyor Husenov, Tursunxo‘ja O‘rinxo‘jayev, Eldor Kuralov, Xurshida Sultonova, Fayzullo Akramov, Marg‘uba Niyozova va Shohida Islombekovalar tomonidan amalga oshirildi.
– Qizim tug‘ilganidan buyon yurak xastaligi bilan og‘rirdi. Uning qiynalishini ko‘rib, ona sifatida ich-etimni yerdim. Murakkab operatsiya kerakligini eshitganimizda, poytaxtga borish, u yerdagi xarajatlar bizni ancha o‘ylantirib qo‘ygandi. Mana, shifokorlarning o‘zlari olis tumanimizga kelib, Gulsezimni operatsiya qilishdi. Bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan davlatimizdan, qizimning hayotini saqlab qolgan Ixtiyor Husenov va uning jamoasidagi barcha shifokorlardan umrbod minnatdormiz. Qizim endi tengdoshlari qatori sog‘lom voyaga yetadi, – deydi Aytgul Koshekbayeva.

Albatta, bu voqea shunchaki bitta operatsiya emas, balki yurtimizda tibbiyotning eng chekka hududlarigacha kirib borayotganining va yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish uchun tibbiy baza hamda sharoitlar mavjudligini ko‘rsatib turibdi.
Eng muhimi, uchquduqlik mahalliy shifokorlar poytaxtlik hamkasblaridan bevosita mahorat sirlarini o‘rganish imkoniga ham ega bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri