Tibbiyotda sifat va ishonchning yangi standartlari
Yangi qaror
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar ko‘lami haqiqatda misli ko‘rilmagan. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasi yangilandi, mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etildi, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi tuman darajasigacha tushirildi.
Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik lozim. Bugungi zamon talabi faqat tibbiy yordamni yaqinlashtirish emas, balki uning sifati va xavfsizligini kafolatlashdir. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan yaqinda qabul qilingan “Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror sohada sifat nazoratining mutlaqo yangi va shaffof tizimini yaratish yo‘lidagi strategik qadam bo‘ldi.

Ushbu hujjatning mazmun-mohiyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda eng avvalo aholi manfaatlari va bemor xavfsizligi birinchi o‘ringa qo‘yilganini ko‘ramiz. Qaror bilan 2030-yilga qadar tibbiyot sohasini rivojlantirishning aniq marralari belgilab berildi. Xususan, 3 000 dan ortiq davlat tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich litsenziyalash talablariga moslashtirish vazifasi tizimdagi barcha muassasalar xoh u poytaxtdagi markaz bo‘lsin, xoh chekka qishloqdagi poliklinika bir xil yuqori standart asosida ishlashini ta’minlaydi. Deputat sifatida shuni alohida qayd etishim kerakki, bu islohot “tibbiyotdagi tengsizlik”ni yo‘qotadi, ya’ni har bir fuqaroning yashash joyidan qat’i nazar, sifatli tibbiy xizmat olishni kafolatlaydi.
Qarorning yana bir muhim jihati mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona talablarning o‘rnatilishidir. Bu sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Endilikda xususiy klinika ham, davlat shifoxonasi ham bir xil sifat mezonlari asosida baholanadi. Bu jarayonda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilayotgan “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” asosiy nazorat qiluvchi va yo‘naltiruvchi organ bo‘ladi. Markazning tashkil etilishi tibbiy faoliyatni litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish va shaffoflashtirish bilan birga, korrupsion omillarga chek qo‘yadigan zamonaviy mexanizmdir.
Shuningdek, tibbiyotda inson omili bilan bog‘liq xatoliklarni kamaytirish maqsadida tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlariga kamida 75 ta milliy akkreditatsiyalash standartlarini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu standartlar jahondagi eng ilg‘or tajribalar, jumladan, Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyat (ISQua) talablari asosida ishlab chiqiladi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab tibbiyot tashkilotlarida sifatni nazorat qilish bo‘yicha alohida tuzilmalarning tashkil etilishi esa har bir muassasa ichida bemorlarga ko‘rsatilayotgan muolajalarning aniqligi va xavfsizligi uchun mas’uliyatni kuchaytiradi.
Zamonaviy tibbiyotni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish mushkul. Shu bois, qarorda tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini yagona Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga integratsiya qilish majburiy etib belgilandi. Bu tizim ishlab ketgach, bemorlarning ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi: tahlil natijalari, kasallik tarixi va retseptlar yagona elektron bazada shakllanadi. Shifokor esa bemorning avvalgi muolajalarini tizim orqali ko‘rib, yanada aniqroq tashxis qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, Markaz axborot tizimi orqali tibbiy xizmatlar sifatini masofaviy va shaffof nazorat qilib boradi.
Iqtisodiy rag‘batlantirish va mas’uliyat masalasi ham hujjatda o‘zining mukammal yechimini topgan. 2028-yildan boshlab xalqaro yoki milliy akkreditatsiyadan o‘tmagan yirik tibbiyot muassasalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘laridan foydalana olmaydi. Bu tizim tibbiyot muassasalarini o‘z-o‘zidan sifat ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va kadrlar malakasini oshirishga undaydi.
Shu bilan birga, Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi, kadrlarni “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijda o‘qitish va xalqaro ekspertlarni jalb etish kabi choralar ushbu islohotning naqadar jiddiy ekanidan dalolat beradi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish va qurishda shaharsozlik hamda sanitariya normalarining xalqaro standartlarga moslashtirilishi bino va inshootlarning ham zamonaviy tibbiyot talablariga mos bo‘lishini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qaror O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini yangi – sifat, shaffoflik va xalqaro e’tirof bosqichiga olib chiqadi. Biz, parlament a’zolari, ushbu islohotlarning joylarda ijro etilishi, har bir shifoxona va poliklinikada bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarning yaxshilanishi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini olib boramiz. Natijada, xalqimiz yurtimizda dunyo darajasidagi tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lib, har bir inson o‘zini sog‘lom va baxtli his qiladi. Zero, sog‘lom millat va sog‘lom avlod – Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va poydevoridir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA