Kun tartibida jurnalist mas’uliyati
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Farg‘ona viloyat bo‘limi hamisha zamon talablari bilan hamqadam bo‘lishga intilib keldi.
So‘nggi besh yil viloyat bo‘limi uchun imkoniyat va sinovlar yili bo‘ldi.
Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi.
Ayni choqda viloyatda 27 ta bosma nashr faoliyat ko‘rsatyapti. Ammo ularning obunasi kamligi tufayli va muassisning beparvoligi sabab, masalan, “Farg‘ona tongi” gazetasi 2026-yilning bugunigacha 4 bor chiqdi. “Isfayram” 4 ta, “Rishton haqiqati” 5 ta chiqqan. “Qo‘qon sadosi”, “Navbahor”, “Yaypan ovozi” gazetalari esa bitta ham chiqqani yo‘q. Boshqa gazetalarning ahvoli ham bundan yaxshi emas. Qolaversa, hamon obuna, to‘lov, yetkazib berish muammosi mavjud. Viloyatdagi bosma nashrlarning atigi uchtasi o‘z binosiga ega. Qolganlari turli idoralar ichida vaqtinchalik joylashgan.
– O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi o‘z faoliyatida uchta asosiy yo‘nalishga ustuvorlik berib kelmoqda, – deydi bo‘lim raisi o‘rinbosari Rustamjon Oripov. –Birinchisi – bu jurnalistlar kasbiy mahoratini oshirishga ko‘maklashish. Ikkinchi yo‘nalish – bemor, nafaqadagi, kam ta’minlangan hamkasblarni imkon qadar yo‘qlab turish. Uchinchisi – zamonaviy IT va xorijiy tillarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish.
Har yili moliyaviy imkoniyatga qarab kamida 12-15 ta hamkasbning holidan xabar olib turildi. 60, 70, 80 yoshga kirgan jurnalistlarni tabriklab, ijodiy davra tashkil etib, ularga fidoiy mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirishga harakat qilinayapti.
Zuhra Aliyeva, Xadichaxon Karimova, Hamid Burxonov kabi hamkasblarning ijodiy kechalari o‘quvchi-gazetxonlar ularni ne chog‘li yaxshi ko‘rishi, hurmat qilishini namoyish etdi.
Biz, shuningdek, jurnalist ijodkorlar kitoblari taqdimoti, fotoasarlari ko‘rgazmalarini ham tashkil etdik. Bu o‘ziga xos sarhisob edi.
Darhaqiqat, OAVlari ish tajribasini ommalashtirish maqsadida Farg‘ona viloyati jurnalistlari taklifiga binoan Navoiy viloyatidagi hamkasblari keldilar. Gazetalarning qo‘shma sonlarini chiqarishdi. Viloyatda islohotlar qanday amalga oshirilayotgani haqida teleko‘rsatuvlar namoyish etildi. Uchrashuv chog‘ida yutuq va muammolar muhokama qilinib, yechimi ustida birgalashib fikrlashdilar. Shu kabi ijodiy muloqotlar Farg‘ona jurnalistlarining Samarqand, Xorazm, Buxoro viloyatlariga ijodiy safarlari chog‘ida ham davom etdi.
– Bu yil Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari jurnalistlari viloyatimizga kelishlari kutilyapti. Va aksincha, biz ham Toshkent va Sirdaryo viloyatlari OAV faoliyati bilan tanishgani shu viloyatlarga borishni rejalashtirganmiz, – deydi Rustamjon Oripov.
Jurnalistikada dalillarga baho berish, saralash va tarqatishda taqqoslashning o‘rni katta. Taqqoslash uchun esa ko‘p yurish, borish, ko‘rish, tadqiq qilish talab etiladi. Shuning uchun bo‘lim xorijiy tajribani o‘rganishga ham e’tibor berib keldi. So‘nggi yillarda Misr, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardagi jurnalistik tashkilotlar va OAVlar faoliyati bilan tanishildi. Ayni choqda shu mamlakatlar OAVlarida O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlar haqida Farg‘ona viloyati misolida yozilgan 21 ta maqola chop etildi.
2025-yilda Farg‘ona viloyati birodarlashgan Turkiyaning Bursa viloyati bosh nashri “Bursa hokimiyati” gazetasi bilan gazetalarning qo‘shma soni chiqdi. U yerda jurnalistlar Bursa valesi, mamlakat parlament qo‘mitasi raisi bilan ham uchrashib, “Anadoli” axborot agentligi, “Sabah” gazetasi, Turkiya TRK rahbariyati qabulida bo‘lishdi.
Kasbiy malaka oshirishda “Chimyon mediaforumi”ning o‘rni katta. Viloyat bo‘limi tomonidan 10-marta mamlakat miqyosida tashkil qilingan ijodiy muloqot maydonida deyarli barcha ustozlar va viloyat jurnalistlari vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi besh yilda Ibrohim G‘ofurov, Ahmadjon Meliboyev, Abdusaid Ko‘chimov, Xurshid Do‘stmuhammedov, Sherzod Qudratxo‘ja, Ismat Xushev, Navbahor Imomova, Karim Bahriyev, Anora Sodiqova kabi mashhur trener- jurnalistlar mahorat darsi o‘tdilar.
– Shu davrda viloyatga Xitoy, Turkiya, Isroil, Koreya Respublikasi, Rossiya kabi mamlakat jurnalistlari keldilar. Ular bilan tajriba almashdik, ijodiy muloqotlar bo‘ldi, hamkorlik shartnoma va memorandiumlari imzoladik, – deydi bo‘lim mutaxassisi Umida Mirzamatova.
Kasbiy malakani oshirishning yana bir yo‘li u yoki bu mavzuda konferensiyalar o‘tkazishdir. Ikki marta xalqaro, 3-marta mamlakat miqyosida shu kabi konferensiyalar tashkil qilindi.
O‘tgan yillar davomida bo‘limda uyushma a’zolari soni ikki barobar o‘sdi va hozir 88 nafarni tashkil etmoqda. Ular orasida ikki nafar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist”, 17 nafar davlat orden va medallari bilan taqdirlanganlar va 18 nafar “Oltin qalam” milliy mukofoti sohiblari borligini alohida ta’kidlash lozim.
Bo‘lim qoshida ayol jurnalistlar, yoshlar, faxriylar kengashlari anchagina faol ishladi. Ular tomonidan turli tanlovlar o‘tkazildi, ijodiy safarlar tashkil etildi, sayohatlar uyushtirildi. Masalan, faxriylar Namangandagi gullar bayramida ishtirok etishdi. Yosh jurnalistlar poytaxt OAVlarida bir haftalik malaka oshirishda bo‘ldilar. Ayol jurnalistlar uchun “Farg‘ona atirguli” tanlovi o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyatida uyushma a’zolarning aksariyat qismi faxriylar, nafaqadagi jurnalistlardir. Yoshlar umumiy kontingentining 25-30 foizini tashkil etadi. xolos. Bu ikki sabab bilan izohlanadi.
Birinchidan, OAVlarda ishlayotgan ijodiy xodimlarning 60 foizidan ziyodi nafaqada yoki shu yosh atrofida.
Ikkinchidan, yoshlar bilan ishlashda bo‘limda sustkashlikka yo‘l qo‘yildi. Masalan, viloyat TRK da 40 dan ziyod ijodiy xodim bor. Uyushma a’zolari esa atigi uchta, ular ham nafaqa yoshida.
O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar avvalgi yillar rivojlanishidan tubdan farq qiladi. So‘nggi yillardagi asosiy, balki inqilobiy o‘zgarishlar: so‘mning erkin konvertatsiyasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va unga berilayotgan imtiyozlar, xorijiy investitsiyaga ochiqlik, davlat hokimiyati quyi tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar imzolash huquqini keng aholiga bafurja tushuntirish lozim. Bu iqtisodiy islohotlar targ‘iboti bo‘yicha bo‘lsa, ma’naviyat sohasida ilm, ilm va yana bir bor ilmga asoslanish lozimligini tahlil qilib, hayotiy misollarda aholiga yetkazishdek muhim vazifa turibdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA