Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Turkiya Respublikasining Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (TİTCK) vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimini takomillashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonning PIC/S (Pharmaceutical Inspection Co-operation Scheme) xalqaro tizimiga a’zolik jarayonidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida TİTCK mutaxassisi GMP inspeksiyalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xususan, tavakkalchilikka asoslangan inspeksiya tizimini joriy etish, sifat menejmentini takomillashtirish va milliy talablarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, farmatsevtika sohasini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar tartibga solish jarayonlarida raqamli platformalar, sun’iy intellekt texnologiyalari va zamonaviy IT-yechimlardan foydalanish, hujjatlarni tahlil qilish hamda inspeksiya jarayonlarini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tajriba almashdi.
Ma’lumot uchun: PIC/S (Pharmaceutical Inspection Co-operation Scheme) – GMP inspeksiyalari sohasidagi xalqaro hamkorlik tizimi bo‘lib, unga a’zolik milliy inspeksiya tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlaydi hamda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
***
Milliy tibbiyot markazida 26 yoshli bemorda bosh miyaning chap chakka (yug‘ular-timpanik) sohasida joylashgan, miya ichiga va bosh suyagi tashqarisiga tarqalgan hajmli o‘smani olib tashish bo‘yicha murakkab neyroxirurgik amaliyot o‘tkazildi.
Kompleks diagnostik tekshiruvlar va mutaxassislar konsiliumi xulosasiga ko‘ra, o‘smani jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash bemor uchun eng maqbul davolash usuli sifatida belgilandi.
Operatsiyani tajribali neyrojarroh G‘ayrat Eshquvvatov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi amalga oshirdi. Amaliyot umumiy endotraxeal narkoz ostida, zamonaviy neyroxirurgik texnologiyalar va yuqori aniqlikdagi uskunalar yordamida olib borildi.
Jarrohlikning asosiy maqsadi o‘smani maksimal darajada olib tashlash, miya to‘qimalariga bosimni kamaytirish hamda bemorda kuzatilayotgan nevrologik belgilarni bartaraf etishdan iborat.
***
Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida farmatsevtika tarmog‘i vakillari bilan keng qamrovli ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan uchrashuvlarda mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilari, tibbiy jihozlar va tibbiyot buyumlari importyorlari, shuningdek, xorijiy farmatsevtika kompaniyalari hamda ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari, ekspertiza jarayonlari, "Darmon" axborot tizimi orqali ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar, amaldagi me’yoriy-huquqiy talablar hamda tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan amaliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi rahbariyati tomonidan tadbirkorlarning murojaat va takliflari bevosita tinglanib, har bir masala yuzasidan amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar berildi. Bildirilgan takliflarni tizimli ravishda tahlil qilish hamda ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi qayd etildi.
Bugungi kunda davlat organlari faoliyatida "xalq bilan muloqot" tamoyili qatorida "davlat va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqot" ham islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Farmatsevtika sohasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvlar ham aynan shu tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlarini qiynayotgan masalalarni joyida muhokama qilish, ularning takliflarini qarorlar qabul qilish jarayoniga integratsiya etish hamda sohani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
***
Prezidentimizning 2024-yil 5-sentabrdagi tegishli qarori bilan sog‘liqni saqlash tizimida yangi moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Bugunga kelib, ushbu islohot o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.
Buni joriy yilning dastlabki olti oyi yakunlari ham tasdiqlaydi. Xususan, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 1 mln. 490 ming 126 nafar bemorga shifoxona sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Buning uchun tibbiyot muassasalariga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 752,6 mlrd. so‘m o‘tkazildi. Natijada minglab oilalarning davolanish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlari davlat tomonidan qoplab berildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p mablag‘ Samarqand (105,6 mlrd. so‘m), Qashqadaryo (93 mlrd. so‘m) va Farg‘ona (74,2 mlrd. so‘m) viloyatlariga yo‘naltirildi. Moliyalashtirish hajmi barqaror o‘sib, iyunda eng yuqori ko‘rsatkichga (155,7 mlrd. so‘m) yetdi.
***
Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi tegishli farmonida tibbiyot xodimlarining ma’lumotlarini hrm.gov.uz elektron platformasi orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali sohada faoliyat yuritayotgan barcha tibbiyot xodimlariga oid ma’lumotlar yagona elektron bazada jamlanadi va inson resurslarini boshqarish jarayoni zamonaviy raqamli yechimlar asosida tashkil etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligida tibbiyot muassasalari mas’ul xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar shu masalaga bag‘ishlandi.
Tadbirda platformaning ishlash tamoyillari, tibbiyot xodimlarini unga kiritish tartibi, tizimdan foydalanish, inson resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari hamda yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.
Qayd etilganidek, tizim yordamida tibbiyot xodimlari kasbiy faoliyati, malaka darajasi, sertifikatlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish natijalari, mehnat faoliyati hamda boshqa muhim ma’lumotlar elektron shakllantiriladi. Bu inson resurslarini boshqarishning zamonaviy, shaffof va samarali modelini amaliyotga tatbiq etish uchun zamin yaratadi.
Qolaversa, yangi platforma sog‘liqni saqlash muassasalarida kadrlar taqsimotini tahlildan o‘tkazish, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, vakant lavozimlarni monitoring qilish, xodimlar malakasini baholash, boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur statistik va analitik ma’lumotlarni shakllantirish imkonini beradi.
Shuningdek, u orqali tibbiyot xodimlarining hududlar bo‘yicha taqsimoti, vakant ish o‘rinlari, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj va kadrlar harakati real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi. Platformadan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA