MIB: jabrlanuvchiga salkam 287 million so‘m qaytarildi
Ayrim hollarda insonning ishonchi eng qimmatli boylikka aylanadi. Afsuski, ana shu bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilish orqali katta miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritishga urinayotganlar ham uchrab turadi. Biroq qonun ustuvorligi ta’minlangan joyda bunday qilmishlar jazosiz qolmaydi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Chust tumani bo‘limi tomonidan sud hujjati ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor I.M. dan undiruvchi Z.B. foydasiga salkam 287 million so‘m to‘liq undirib berildi.
Aniqlanishicha, qarzdor fuqaro chet eldagi mebel ishlab chiqarish sexlaridan birida o‘zi bilan birga mehnat qilgan, shar’iy nikohidagi ayolning ishonchiga kirib, turli va’dalar orqali undan katta miqdordagi mablag‘ni olgan. Keyinchalik esa, ushbu mablag‘ni qaytarish majburiyatini bajarmagan.
Mazkur holat yuzasidan sud tomonidan firibgarlik oqibatida kelib chiqqan qarzdorlikni undirish haqida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochilari qonun doirasida bajargan ijro harakatlari natijasida sud qarori to‘liq ijro etilib, jabrlanuvchi fuqaroning mulkiy huquqlari tiklandi va unga salkam 287 million so‘m qaytarib berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.