Markaziy Osiyoda yagona
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan, joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar, yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida eksport ko‘rsatkichlari pastligi tanqid qilingandi.
Haqiqatdan ham ko‘p yillar davomida Yozyovon tumani eksport bo‘yicha oxirgi o‘rinlarda bo‘lib kelgan. Keyingi vaqtda bundan xulosa qilingan holda ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yilyapti. Xitoylik sarmoyador Zhao Zhenjiang rahbarligidagi suvda cho‘kmaydigan baliq yemi ishlab chiqaradigan “Xualong silliao” xorijiy korxonasi ishga tushirilishi bunga bir misoldir.
Xitoylik investor bu loyiha uchun 10 mln AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Korxona yiliga 30 ming tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, korxona bir yilda 10 mln AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega.

Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan bu korxonaning ishga tushirish tadbiriga butun respublikadan baliqchi fermerlar kelishdi. Investorga minnatdorchilik ramzi sifatida zar chopon va do‘ppi kiydirildi.
Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotning afzalligi shundaki, mazkur yem bilan toza suv havzalarida boqilayotgan baliqlarning kasallanishi va nobud bo‘lishi keskin kamayadi. Mutaxassislar gapiga ko‘ra, ilgari baliq uchun chiqarilgan yemlar suvda cho‘kib, tez aynib qolardi. Natijada baliqlarda kasalikka chalinish holatlar ko‘p uchrardi.
Turob Niyoz, O‘zA