Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 26-dekabrdagi tegishli buyrug‘iga muvofiq, Jizzax viloyati Toshkent davlat tibbiyot universitetiga biriktirilgan. Shu asosda universitet rektori boshchiligidagi mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruh ayni kunlarda hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati, moddiy-texnik baza, kadrlar ta’minoti, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va tizimdagi dolzarb masalalarni atroflicha o‘rganmoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyatini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarni kuchaytirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishdan iborat.
Hududdagi mutaxassislar bilan hamkorlikda klinik protokollarni amaliyotga samarali joriy etish, bemorlar marshrutini takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika va davolash jarayonlari samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar olib borilmoqda.
Mazkur tashrif Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, eng muhimi esa hudud aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi "Zarur amaliyotlar markazi" DM mutaxassislari Koreya Respublikasining Seul shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Xalqaro vaksina instituti hamkorligida tashkil etilgan "2026 Introductory Course for Biologics Development and Manufacturing" xalqaro o‘quv dasturining navbatdagi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Dastur doirasida biologik dori vositalari va vaksinalarni ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishning zamonaviy bosqichlari, immunologiya, vaksina platformalari, texnologiyalar transferi, loyiha boshqaruvi, intellektual mulkni himoya qilish va tartibga solish sohalari bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar egallandi.
Mazkur xalqaro o‘quv dasturida orttirilgan bilim va ko‘nikmalar mamlakatimizda biologik dori vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish hamda farmatsevtika tarmog‘i salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida o‘tayotgan “INNOPROM–2026” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” milliy stendi yuqori martabali mehmonlar e’tiborida bo‘ldi.
Ko‘rgazma davomida Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hamda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sanoat tarmoqlaridagi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, eksportbop mahsulotlar hamda investitsiyaviy salohiyat haqida ma’lumot berildi.
Milliy stendda farmatsevtika sohasining yetakchi korxonalari ham o‘z mahsulotlari va innovatsion ishlanmalarini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma doirasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar davom etmoqda.
***
Mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqotlarni davom ettirish maqsadida o‘tkazilgan navbatdagi onlayn uchrashuvda "BELPHARM" MCHJ XK vakillari, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.
Muloqot davomida korxona tomonidan ishlab chiqilgan 9 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilindi. Xususan, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, ekspertiza bosqichlari hamda amaldagi me’yoriy talablar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Bunday uchrashuvlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatlari sifati va shaffofligini oshirish hamda sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalarining bozorga chiqarilish jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.
***
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari o‘rtasida navbatdagi multidisiplinar konsilium yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda markaz va uning filiallarida faoliyat yuritayotgan onkoginekologlar, kimyoterapevtlar, radiologlar, patomorfologlar, shuningdek, xorijdan maxsus taklif etilgan professor-patomorfolog oflayn va onlayn formatlarda ishtirok etdi.
Mazkur MDT yig‘ilishining asosiy maqsadi onkologik bemorlarni tashxislash va davolash sifatini yanada takomillashtirish, murakkab klinik holatlarni multidisiplinar yondashuv asosida muhokama qilish, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish hamda bemorlar uchun eng maqbul davolash taktikasini tanlashdan iborat bo‘ldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA