Tibbiyot xabarlari
Poytaxtimizda 14-iyun Butunjahon donorlar kuni oldidan “Insoniylikning bir tomchisi: qon bering, hayotni saqlang” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 20-yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq, 2026-2030-yillarda mamlakatimizda qon xizmatini rivojlantirish orqali donorlar sonini 900 ming nafarga, qon zaxirasini esa 450 ming litrga yetkazish strategik vazifa etib belgilangan. Qolaversa, yil yakuniga qadar “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” tizimi to‘liq ishga tushiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda donorlar uchun ko‘plab imtiyozlar belgilangan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, ular har yili o‘zlari uchun qulay vaqtda mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin va shahar yo‘lovchi transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanadi. Sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun esa yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqiga ega.
Tadbirda o‘z qonini kamida 40-marta, qon komponentlarini 60-marta topshirgan beg‘araz donorlarga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Amerika Qo‘shma Shtatlarining "James Hollister Wellness Foundation" notijorat xayriya tashkiloti vakilini qabul qildi.
Uchrashuv davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik, xayriya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmon "GRAND PHARM LOGISTICS HUB" kompaniyasining distribyutorlik-logistika majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Unga dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash hamda tarqatish jarayonlari, sifatni ta’minlash tizimi va mahsulotlarni xalqaro standartlar talablariga muvofiq saqlash sharoitlari taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashib, konstruktiv muloqotni davom ettirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
***
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Trans-Kaspiy gepato-pankreato-biliar jarrohlik assotsiatsiyasining II Xalqaro kongressi hamda E-AHPBA G‘arbiy-Sharqiy Bolqon bo‘limining qo‘shma yig‘ilishida Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari ham qatnashdi.
Xususan, Markaz Endavizual jarrohlik bo‘limining tibbiyot fanlari doktori A’zam Bobojonov boshchiligidagi transplantologlar jamoasi mazkur nufuzli anjumanda ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etib, jigar transplantatsiyasi bo‘yicha erishilgan amaliy natijalar hamda zamonaviy yondashuvlarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola qildi.
Xalqaro kongress dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi jarrohlar va transplantologlar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda sohadagi eng ilg‘or amaliyotlarni muhokama qilish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
***
Milliy tibbiyot markazining Orttirilgan va tug‘ma yurak nuqsonlari bo‘limida faoliyat yuritayotgan o‘rta tibbiy xodimlar uchun navbatdagi o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida xalqaro oltin standart hisoblangan JCI talablari asosida ishlash, “Ko‘k kod” tizimida tezkor va samarali harakat qilish, shuningdek, hamshiralar kompetensiyasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dars jarayonida o‘rta tibbiy xodimlarning nazariy va amaliy bilimlari baholanib, bemorlar xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish hamda xizmat sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Mirzohidjon Qodirov boshchiligida "NEOGALENPHARM" MCHJ korxonasi vakillari bilan ZOOM platformasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
"NEOGALENPHARM" MCHJ 2004-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi mahalliy korxonalardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida korxona tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish maqsadida Markazga taqdim etilgan 8 nomdagi dori vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shu bilan birga, korxona mas’ullari tomonidan bildirilgan savollarga Markaz mutaxassislari batafsil javob berib, hujjatlarni rasmiylashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar aytib o‘tildi.
***
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yadro tibbiyoti shifokori Saidjon Hasanboyev Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Bringing Therapy Radioisotopes into Clinical Radiopharmacy – Some Regulatory Aspects” nomli xalqaro o‘quv kursida ishtirok etmoqda.
Mazkur kurs Yevropa Yadro Tibbiyoti Assotsiatsiyasi (EANM/ESMIT) tomonidan tashkil etilgan.
O‘quv kursi doirasida klinik radiofarmatsiyaning zamonaviy yo‘nalishlari, jumladan GMP talablari, terapevtik radiofarmatsevtik preparatlarni ishlab chiqarish va sifat nazorati, radiatsion xavfsizlik, normativ-huquqiy tartibga solish hamda radionuklid terapiyasini klinik amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Kurs davomida olingan bilim va tajribalar Markazda yadro tibbiyoti xizmatini yanada rivojlantirish, radionuklid diagnostika va terapiya bo‘limini tashkil etish, shuningdek siklotron majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA