Tibbiyot xabarlari
Toshkentda Yevropa, AQSH va Kanadadan tashrif buyurgan jahon darajasidagi onkolog-ekspertlar ishtirokida EURO Master Course xalqaro o‘quv kursi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Albaniya, Armaniston, Belarus, Gretsiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Ruminiya, Serbiya, Slovakiya, Tojikiston, Ukraina va Chexiyadan 70 nafardan ortiq mutaxassis qatnashmoqda.
Kurs doirasida ishtirokchilar bolalar onkologiyasi, neyroxirurgiya, nur terapiyasi, immunoterapiya hamda onkologik kasallikka chalingan bolalarni multidissiplinar qo‘llab-quvvatlashdagi zamonaviy yondashuvlarni muhokama qiladi.
Tadbir dasturidan ma’ruzalar, interaktiv treninglar va klinik holatlar tahlili o‘rin olgan.
***

Shuningdek, “Zamin” xalqaro jamoat fondining «Eshitishni istayman!» loyihasi doirasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘quvchilarini respublika miqyosida keng ko‘lamli audiologik diagnostikadan o‘tkazish boshlandi.
Pediatriya markazining audiolog-shifokorlari ishni 102-internatdan boshlab, turli xil eshitish vositalaridan foydalanuvchi hamda eshitish va nutq rivojlanishining turli darajasidagi o‘quvchilarni tekshiruvdan o‘tkazadi.
Diagnostika ma’lumotlari asosida dinamik kuzatuv tizimi yo‘lga qo‘yilib, u o‘sishni kuzatib borish hamda eshitish va nutqni rivojlantirish jarayoniga zudlik bilan zarur o‘zgartirishlar kiritish imkonini beradi.
Bolalarni mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan yana bir tadbir ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar rahbarlari, korreksion pedagoglar va psixologlar uchun o‘tkazilgan amaliy seminar bo‘ldi.
Seminarda mutaxassislar xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan zamonaviy pedagogik texnologiyalar, inklyuziv ta’lim usullari va amaliy yechimlar, shuningdek, o‘quv materiallarini inklyuziv hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim sharoitlariga moslashtirish bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamlab oldi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA