Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirishda tadbirkorlar bilan hamkorlik samaralari
O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini strategik jihatdan rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va aholini sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan soha vakillari bilan muntazam ravishda ochiq muloqotlar va uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi Agentlik mas’ullari hamda farmatsevtika bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida navbatdagi ochiq muloqotda «Serene Pharma», «Astes Atraumatic Jarrohlik Iplari», «Bayan Medical» kabi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda «Dori-Darmon» AJ, «Adamed Pharma», «Dr. Reddy’s» va «Novamed Pharmaceuticals» kabi yirik ulgurji savdo tashkilotlarining vakillari ham ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish jarayonlarida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirkorlar tomonidan sohadagi amaliy faoliyatni yuritish, tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ish jarayonlarida kuzatilayotgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator murojaat va takliflar ilgari surildi.
Agentlik mutaxassislari har bir muammo yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, ularni tezkor hal etish bo‘yicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiqdi.
Ta’kidlash joizki, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi bunday ochiq va shaffof muloqotlar sohadagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni joyida aniqlab, ularga o‘z vaqtida yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Agentlik matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, kelgusida ham tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik davom ettirilgan holda, farmatsevtika bozori barqarorligini ta’minlash hamda mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom ettiriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA