Tibbiyot markazi zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlarga ega bo‘ldi
Qizil Yarim Oy jamiyati Andijon viloyati tashkiloti tomonidan “Mehr ulashamiz!” loyihasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filiali hamda Andijon viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar taqdim etildi.
Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialiga 47 turdagi hamda viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi onkogematologiya bo‘limiga 39 turdagi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar topshirildi. Har ikki tibbiyot markazida kasallikning oxirgi bosqichlaridagi bemorlar uchun “xospis”, ya’ni maxsus jihozlangan alohida palatalar tashkil etildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida qo‘llab-quvvatlangan “Mehr ulashamiz!” loyihasi doirasida har ikki tibbiy muassasaning shifoxona palliativ bo‘limda davolanayotgan bemorlarning umumiy holatidan kelib chiqqan holda ularga individual tarzda psixologik yordam ko‘rsatish ishlari ham olib borildi, – deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Andijon viloyati tashkiloti raisi Holidaxon Mirzarahimova. – Shuningdek, ushbu ijtimoiy buyurtmasi doirasida tashkil etilgan xospisda davolanayotgan onkologik bemorlar va ularning oila a’zolariga tashxis va davolanish bosqichlarini tushuntirish hamda axborot-ma’rifiy maslahatlar berishda foydalanish uchun mavzu bo‘yicha 30 ga yaqin uslubiy ma’lumotlar tayyorlandi.


Loyihani amalga oshirish davomida ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali hamda Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining palliativ bo‘limlaridagi davolanayotgan 123 78 nafar bemor bolalar va ularning ona-otalariga psixologik yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, loyiha doirasida chekka hududlarda yashovchi aholi o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlashda tibbiy ko‘riklarning ahamiyatini keng targ‘ib etish maqsadida “Onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning ahamiyati” mavzusida Izboskan, Andijon, Marhamat, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa tumanlari hamda kasalliklar ko‘p aniqlangan boshqa qator hududlarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, onkologik kasalliklar ko‘p aniqlanayotgan tuman, shaharlarda loyiha mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Salomatlikning 10 ta oltin qoidasi”, “Tibbiy ko‘riklarning ahamiyati”, “Onkologik kasalliklarni erta aniqlashning dolzarb ahamiyati” mavzularidagi targ‘ibot materiallar tarqatildi.


Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri