Qallibek Kamalov: bir asrlik hayot solnomasi
Inson umrining haqiqiy qiymati uning yashagan yillari bilan emas, el-yurt hayotida qoldirgan izi, o‘z zimmasiga yuklangan mas’uliyatni qanday ado etgani bilan belgilanadi. Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamalovning bir asrlik hayot yo‘li ham ana shunday mazmunli taqdirlar sirasiga kiradi.
2026-yilda Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligi keng nishonlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi qarori bilan yubiley munosabati bilan qator tadbirlarni tashkil etish, uning hayoti va faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
Bu sana nafaqat bir insonning tavallud ayyomini yodga olish, balki Qoraqalpog‘iston tarixida muhim o‘rin tutgan davlat arbobining hayot yo‘li va yurt taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan ishlarini yana bir bor yodga olish imkonidir.
Qallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tamomlab, harbiy xizmatni o‘tagach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini bitirgan.
Uning mehnat faoliyati yoshlar tashkilotida boshlangan. Keyingi yillarda Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, kommunal xo‘jaligi vaziri, avtomobil transporti va avtomobil yo‘llari vaziri kabi mas’ul vazifalarda faoliyat yuritdi.
1963-yili u Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimiga tayinlandi.
Uning rahbarlik yillarida Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.
Qallibek Kamalovning bevosita rahbarligida paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishga, sanoat korxonalari faoliyatini kengaytirishga, ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga e’tibor qaratildi. Hududda yangi imkoniyatlarni ishga solish, aholi uchun zarur sharoitlarni yaxshilash masalalari davlat boshqaruvidagi ustuvor vazifalardan bo‘ldi.
– Qisqa vaqt ichida Respublikada qurilish trestlari soni 18 taga yetkazilib, ular ishtirokida ko‘plab sanoat va ijtimoiy ob’ektlar barpo etildi, – deydi Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Muratbay Nizanov. – Shifoxona va tibbiyot muassasalari, sanatoriylardan tortib, mehmonxona, teatr va aeroportga qadar muhim inshootlarning qurilishi hudud qiyofasini o‘zgartirdi. Shuningdek, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarini kengaytirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Natijada Qoraqalpog‘istonda elektr energiyasi yetkazib berilmagan qishloq va xonadon qolmagani qayd etiladi.
Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan bu ishlar hudud taraqqiyotining keyingi bosqichlari uchun ham muhim zamin yaratdi.
Shuningdek, arbob jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashiga rahbarlik qilib, keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, yosh avlod tarbiyasiga e’tibor qaratish borasida ish olib bordi.
Ayniqsa, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash uning jamoatchilik faoliyatida muhim o‘rin tutdi.
Ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlandi. Qallibek Kamalov “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
2026-yil 11-fevral kuni Qallibek Kamalov 100 yoshida vafot etdi.
Bugun uning tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar atoqli davlat va jamoat arbobining xotirasini yod etish, uning sermazmun hayot yo‘li va yurt taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilmoqda.
Yubiley doirasida Nukus shahrida xotira tadbirlari, “Uch avlod uchrashuvi”, ilmiy-amaliy konferensiyalar va davra suhbatlari o‘tkazilishi, Qallibek Kamalovning hayoti va faoliyati haqida hujjatli film hamda kitob-albom tayyorlanishi belgilangan. U yashagan xonadonga yodgorlik lavhasi o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.
Bir asrlik umr bir inson hayotining o‘zi emas, balki u mansub bo‘lgan avlod, yurt va davr bilan bog‘liq katta bir tarixdir. Qallibek Kamalovning hayot yo‘li ham Qoraqalpog‘iston taraqqiyotining muhim bosqichlari bilan uyg‘un kechdi.
Uning xotirasi xalqqa xizmat qilish, yurt ravnaqi va el manfaati yo‘lida mehnat qilgan insonlarni qadrlash tuyg‘usi bilan yashaydi.
Nilufar Bozorova, O‘zA