O‘zbekiston va BMT: tashabbusdan amaliy natija sari
O‘zbekiston 1992-yil 2-martdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zosi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizning jahon tashkilotidagi ishtiroki sezilarli darajada faollashdi. Yosh davlat uchun nisbatan yangi xalqaro maydonda O‘zbekiston butun Osiyo miqyosida faol tashabbuslar bilan chiqayotgan davlatlardan biriga aylandi.
2027-yil O‘zbekiston BMT tarkibidan o‘rin olganiga 35 yil to‘ladi. Faqat so‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan Bosh Assambleyaning 15 rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Davlatimizning BMTdagi o‘rni, ilgari surilayotgan tashabbuslar ahamiyati haqida siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekistonning BMTdagi o‘rnini bugun qanday baholash mumkin?
– Munosabat mazmuni ancha o‘zgargan. O‘zbekiston xalqaro yordam oluvchi maqomidan chiqib, dunyoviy va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda ishtirok etayotgan davlatga aylanmoqda. Bugun respublikamizda BMTning 25 agentligi, jamg‘armasi va dasturini birlashtirgan jamoa ishlayapti. 2026-2030-yillarga mo‘ljallab qabul qilingan BMT – O‘zbekiston hamkorlik dasturida inson kapitali, ya’ni sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoyaga sarmoya kiritish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mamlakatimiz 2021-2023-yillarda Inson huquqi bo‘yicha kengashga ilk bor a’zo bo‘ldi. Ayni payt 2025-2027-yillar uchun EKOSOS tarkibida ishtirok etmoqda. Oxirgi yillarda Vatanimiz tashabbusi bilan Bosh Assambleyada 15 rezolyutsiya qabul qilindi. Markaziy Osiyoga oid 2018-2026-yillarda qabul qilingan o‘nga yaqin rezolyutsiya barqaror taraqqiyot, ekologiya, turizm, giyohvand moddalarga qarshi kurash, preventiv diplomatiya va sun’iy intellekt kabi muhim masalalarni qamrab olgan. Ayrim hujjatlar 40-66 davlat hammuallifligida, konsensus asosida qabul qilingan.
– O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslarning qaysilari alohida ahamiyatga ega?
– Jarayon 2017-yildan keyin tizimli tus oldi. 2018-yil Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot bo‘yicha hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyalari qabul qilindi. 2021-yil Orol bo‘yini ekologik innovatsiya va texnologiya hududi sifatida e’lon qilish, 2022-yil Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha rezolyutsiyalar tasdiqlandi. 2024-yil davlatimiz tashabbusi bilan “2027-yil – Xalqaro barqaror va chidamli turizm yili” e’lon qilindi. 2025-2026-yillari jarayon yanada faollashdi. “29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” etib belgilandi. 2027-2036-yillarni BMTning O‘rmonni barpo etish va tiklash o‘n yilligi deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi.
2026-yil 20-mayda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiya 66 davlat hammuallifligida konsensus bilan qabul qilindi. Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha rezolyutsiyaga 40 davlat, parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotdagi rolini kuchaytirish haqidagi hujjatga esa 61 davlat hammuallif bo‘ldi.
– Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha natija qanday?
– Bu borada qator aniq raqamlar bor. 2025-yilgi Barqaror rivojlanish hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston jahon reytingida 19 pog‘ona ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida BRMga erishish sur’ati eng yuqori davlat sifatida qayd etildi. Kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgan. Oliy ta’lim bilan qamrov o‘n yil ichida 9 foizdan 42 foizga ko‘tarilgan. Onalar o‘limi 2010-yil har 100 000 tirik tug‘ilishga 21 holat edi. 2025-yil bu raqam 10,9 nafarga kamaygan.
– Suv masalasida BMT bilan hamkorlik nima uchun muhim?
– Markaziy Osiyoda suv masalasi eng jiddiy muammolardan biri. 2015-yildan buyon mintaqada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanuvchi suv resursi 12 foiz kamaygan. Tanqislik 70,2 foiz, jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 18 foiz. Shunday sharoitda O‘zbekistonda suv olish hajmi 2017-yildagi 58,9 milliard kub/metrdan 2021-yil 42,5 milliard kub/metrga kamaygan. Suv stressi ko‘rsatkichi 169 foizdan 122 foizga tushgan. 2017-yilgacha suv tejovchi texnologiya sug‘oriladigan yerning bir foizidan ham kam qismida qo‘llangan, bugun esa 2,6 million gektardan ortiq, ya’ni sug‘oriladigan yerning 60 foizidan ziyodi qamrab olingan. Yillik suv tejami qariyb 11 milliard kub/metrga yetgan.
– Markaziy Osiyo miqyosida O‘zbekistonning BMT bilan bog‘liq siyosatida qanday o‘zgarish yuz berdi?
– 2017-yil Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida Markaziy Osiyoni O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Shu vaqtdan boshlab mintaqaviy kun tartibi BMTdagi diplomatiyamizda ham asosiy o‘rin egalladi. 2025-yil 16-noyabrda Toshkentda o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon tuzilmaga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shildi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan xavf-xatar katalogi qabul qilindi. Mintaqaviy umumiy savdo qiymati 10,7 milliard dollarga yetdi, o‘zaro investitsiya 17 foiz o‘sdi. 2026-yil 20-mayda qabul qilingan BMT rezolyutsiyasi esa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi bu yaqinlashuvni xalqaro darajada mustahkamladi.
– Afg‘oniston va xavfsizlik masalasida O‘zbekiston qanday yondashuvni ilgari surmoqda?
– O‘zbekistonning asosiy yondashuvi Afg‘onistonni ixotalash emas, aksincha mintaqaviy iqtisodiy jarayonga jalb etishni nazarda tutadi. 2025-yil Termiz muloqoti doimiy xalqaro maydon sifatida tashkil etildi. 2026-yil 4-6-iyun kunlari platformaning ikkinchi yig‘ilishida 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari qatnashdi. Termizdagi “Ayritom” xalqaro savdo markazi va “Termez Cargo Center” ham ayni yo‘nalishdagi amaliy infratuzilmaning bir qismi hisoblanadi. Terrorga qarshi kurash yo‘nalishida ham muayyan tajriba shakllangan. Markaziy Osiyo davlatlari jangovar hududlardan 2 000 ga yaqin fuqaroni qaytargan. O‘zbekiston “Mehr” amaliyoti doirasida 2019-yildan buyon 500 nafardan ko‘p hamyurtimiz – asosan ayollar va bolalarni Vatanga qaytardi. Bu tajriba BMT maydonida insonparvarlik amaliyoti namunasi sifatida baholangan.
– BMT O‘zbekistondan va O‘zbekiston BMTdan nima kutmoqda?
– Tomonlar manfaati o‘zaro bog‘liq. BMT uchun O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, chegara va suv masalasini tinch hal qilish, kambag‘allikni qisqartirish, repatriatsiya va urbanizatsiya yo‘nalishlaridagi tajribasi namuna. Samarqand, Buxoro va Termiz BMT yirik tadbirlari uchun doimiy maydonga aylandi. Respublikamiz Afg‘oniston bilan muloqotda ko‘prik vazifasini bajarishi va yoshlarni tinchlik jarayoniga jalb etishi ham muhim. O‘zbekiston esa BMT Markaziy Osiyoda erishilgan kelishuvlarni siyosiy va huquqiy jihatdan mustahkamlashi, islohot jarayoniga ekspert darajasida va texnik ko‘mak ko‘rsatishi, Orol bo‘yi, suv va iqlim masalalarida resurs ko‘lamini kengaytirishi tarafdori. Shuningdek, BMT yangilanayotgan tizimida Markaziy Osiyo va o‘rta darajali davlatlar ovozini kuchaytirish ham muhim vazifa.
Xullas, 2027-yil – O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgani 35 yilligi sanasiga mamlakat tashabbuslari konsensus bilan qabul qilinayotgan, tajribasi xalqaro maydonda o‘rganilayotgan va shaharlari yirik xalqaro forumlarga mezbonlik qilayotgan davlat sifatida yetib bormoqda.
O‘zA muxbiri Dilshod Hakimov suhbatlashdi.