Tibbiy xizmat: aholi salomatligi doimiy e’tiborda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasiga press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab tuman markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan “Uyshin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Uyshin” oilaviy shifokorlik punkti faoliyati bilan tanishdi. Mazkur oilaviy poliklinika mudiri Rustem Qidirbayevning ta’kidlashicha, mazkur davolash muassasasi shu hududda tavallud topgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi tadbirkor Karimboy Kamalovning xolisona ajratgan mablag‘i hisobidan 2025-yilda bunyod etilgan.
[gallery-31422]
Maskan 50 qatnov quvvatiga ega bo‘lib, hozirda hudud aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Muassasada tibbiyot xodimlari uchun barcha qulay sharoitlar yaratilib, zarur asbob-uskunalar va dori-darmonlar bilan ta’minlangan. Xususan, bu yerga stomatologiya, EKG, fizioterapiya bo‘yicha zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bemorlarning davolanishi uchun esa, kunduzgi statsionar bo‘limi ishlab turibdi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari "103" tez tibbiy yordam xizmati faoliyati, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati, tibbiyot sohasini raqamlashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir yakunida tibbiyot birlashmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shuhrat Jumaniyazov hududda aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida 421 o‘ringa ega tuman markaziy shifoxonasi, 1 ming 455 quvvatga ega bo‘lgan ambulator-poliklinika muassasasi, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 9 ta oilaviy poliklinika va 4 ta oilaviy shifokor punkti hamda 11 ta mahalla tibbiyot punkti) faoliyat yuritmoqda. Birlashmada 311 nafar shifokor, 1 ming 375 nafar o‘rta tibbiyot xodimi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ahamiyatli jihati shundaki, shifokorlarning 151 nafari, ya’ni 75 foizi oliy toifali bo‘lib, bu xizmat ko‘rsatish sifatining yuqori bo‘lishida alohida o‘rin tutmoqda.
Hisobot davrida 14 ming 273 nafar bemor statsionar sharoitda davolangan. Shuningdek, 1 ming 504 ta jarrohlik amaliyoti, shundan 170 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bundan tashqari, 141 ming 660 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 48 ming 534 nafar bemor aniqlangan va ularning barchasi sog‘lomlashtirilgan.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar tuman tibbiyot birlashmasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari