Tergov departamenti boshlig‘i 314 nafar fuqaroning murojaatini eshitdi
Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish va murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilayotir. Vazirlik rahbariyati tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Vazir o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropovning navbatdagi shaxsiy qabulida aholining mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida 314 nafar fuqaroning 258 murojaati o‘rganildi. Murojaatlarning 159 tasi tergov va surishtiruv faoliyati, 39 tasi tergovga qadar tekshiruv, 8 tasi xodimlarning xatti-harakatlari, 8 tasi mahkumni boshqa muassasaga o‘tkazish va 44 tasi ichki ishlar organlariga oid boshqa masalalarni tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar aholisi uchun shaxsiy qabul onlayn shaklda ham tashkil etilib, onlayn shaklda kechgan qabul davomida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaatlar kelib tushdi.

Shaxsiy qabul davomida vazir o‘rinbosari hamda mas’ul rahbar va xodimlar tomonidan fuqarolar bilan ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazildi.
Xususan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlar qabul qilinib, ularni qonuniy va tezkor hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 54 tasi yoki 20 foizi shu joyning o‘zida qanoatlantirildi. 28 tasi yoki 11 foizi bo‘yicha fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi.
Qolgan 176 ta murojaat yoki 69 foizi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi sababli ijroga yo‘naltirilib, o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA