Bugun – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni
Bugungi kunda insult kasalligi dunyo aholisi o‘rtasida eng ko‘p nogironlikka va o‘limga olib keluvchi xavfli kasalliklardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois, unga qarshi kurashish, jamiyatning e’tiborini ushbu muammoga qaratish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har qachongidan ham dolzarb.
Bu kasallikning xavfliligi shundaki, u kutilmaganda to‘satdan sodir bo‘ladi. Har qanday yoshdagi insonda uchrashi mumkin bo‘lgan bu xastalik, ayniqsa, mehnat yoshidagi aholi o‘rtasida ko‘payib borayotgani bilan yanada xavflidir. Insultga uchragan insonlarning salmoqli qismi qisman yoki to‘liq harakat imkoniyatini yo‘qotadi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lib qoladi. Shu sababli, insult bilan kurashish shifokorlarning, shuningdek, butun jamiyatning, davlat va nodavlat tashkilotlarning umumiy vazifasiga aylanishi kerak.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi – insult ikki asosiy turga bo‘linadi: isxemik (qon tomirning tiqilishi yoki qon kelmasligi) va gemorragik (qon tomirning yorilishi va miyaga qon quyilishi). Ikkala holat ham miya to‘qimalarining tirikligini ta’minlovchi kislorod va ozuqa moddalaridan mahrum bo‘lishiga olib keladi. Natijada hujayralar birinchi soniyalardayoq nobud bo‘la boshlaydi. Kasallikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar qatoriga arterial gipertoniya (qon bosimining surunkali yuqori bo‘lishi — insult xavfining 70 foizdan ortig‘i aynan shu omil bilan bog‘liq), qandli diabet, yurak ritmining buzilishlari, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish hamda doimiy stress kiradi.
– Insult vaqtida soniyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tibbiyotda «oltin soat» (ayniqsa ilk 3-4,5 soat) tushunchasi mavjud bo‘lib, agar shu vaqt mobaynida bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilib, trombolizis yoki tromboekstraksiya kabi maxsus muolajalar bajarilsa, miya hujayralarining qayta tiklanish ehtimoli keskin oshadi, – deydi shifokor-nevrolog Jamshid Saidov. – Insult alomatlarini o‘z vaqtida tanib olishda FAST usuli (yuzning qiyshayishi, qo‘lning kuchsizligi, nutqning buzilishi va darhol vaqt yo‘qotmasdan tez yordam chaqirish) muhim hisoblanadi. Bemorga birinchi yordam ko‘rsatishda uni tinchlantirib, nafas olishini yaxshilash zarur, ammo shifokor ruxsatisiz hech qanday dori, ayniqsa, qon bosimini keskin tushiruvchi vositalarni berish qat’iyan man etiladi.
Jahon tibbiyotida so‘nggi yillarda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni sohaga integratsiya qilish, shuningdek, endovaskulyar jarohatlar va yuqori texnologik muolajalarni takomillashtirish orqali miya qon tomirlarini davolashda ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Mamlakatimizda ham aholi salomatligini muhofaza qilish, yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Joriy yil qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi kurashish Milliy dasturi doirasida respublika bo‘ylab ixtisoslashtirilgan shok palatalari, neyroreanimatsiya bo‘limlari va zamonaviy qon-tomir markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilning 1-noyabridan boshlab yurtimiz umumta’lim maktablarida joriy etilayotgan «FAST — superqahramonlar» xalqaro ta’lim dasturi orqali o‘quvchilar insult belgilarini o‘rganadi.
Shu bilan birga, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yanada oshirish va profilaktika choralarini kuchaytirish talab etiladi. Shifokorlar ta’kidlayotganidek, qon bosimini muntazam nazorat qilish, jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, yomon odatlardan voz kechish va yillik profilaktik ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tish insultning oldini olishda eng ishonchli vositadir. Unutmaylik, sog‘lom turmush tarzi va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam inson hayotini saqlab qolishning yagona kafolatidir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA