Yosh kinoijodkorlar va iste’dodli aktyorlar taqdirlandi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xususan, milliy kinoga yangi nafas, zamonaviy qarashlar va o‘ziga xos mahorat olib kirayotgan yosh kinoijodkorlar hamda iste’dodli aktyorlarning mehnati alohida e’tirofga loyiq. Shu munosabat bilan, Toshkent shahar hokimligida poytaxtimiz madaniy hayotida yorqin iz qoldirayotgan, o‘z ijodi bilan tomoshabinlar qalbidan joy olayotgan bir guruh umidli yosh ijodkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlangan rejissyorlar Munisa Magametibragimova hamda Mariya Musakovaga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi. Mazkur yuksak e’tirof yosh ijodkorlarning milliy kinematografiya rivojiga qo‘shayotgan hissasi, ijodiy izlanishlari va erishayotgan yutuqlariga berilgan munosib bahodir.

Shuningdek, tadbirda «Chempion» badiiy filmi, «O‘g‘iloy» hamda «Sersavol» filmlarida bosh rollarni ijro etgan iste’dodli aktyorlar ham e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Taqdirlash marosimida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda milliy kino san’atini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
G.Boboyeva,
O‘zA