TDT doirasidagi hamkorlik: O‘zbekiston tashabbuslarining ahamiyati
Bugungi kunda geosiyosiy vaziyat murakkablashuvi, raqamli texnologiya va sun’iy intellekt jadal rivojlanishi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirmoqda. Bunday sharoitda turkiy davlatlarning o‘zaro hamjihatligi, innovatsion salohiyatni birlashtirishi va raqamli taraqqiyot yo‘lida mushtarak yondashuvlar ishlab chiqishi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan joriy yil 15-may kuni Turkiy dunyo ma’naviy poytaxti – Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi TDT norasmiy sammiti mavjud hamkorlikni zamonaviy bosqichga olib chiqish, raqamli transformatsiya va SI sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim siyosiy muloqot maydoniga aylandi.
Anjuman kun tartibiga asosan turli masalalar yuzasidan fikr almashilib, ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati, amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, jahon siyosatida ishonch inqirozi chuqurlashgan, global institutlar ta’siri pasaygan bugungi sharoitda turkiy davlatlar hamjihatligi, strategik hamkorligini mustahkamlash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida aynan shu omillarga alohida e’tibor qaratib, quyidagilarni ta’kidladi:
– Bugungi uchrashuvimiz jahonda turfa ziddiyat tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning o‘rni va ta’siri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalar ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
SI jahon iqtisodiyotining yangi harakatga keltiruvchi kuchi sifatida shakllanayotgan bir payt mamlakatimiz tomonidan tuzilma doirasida sun’iy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratish, “Raqamli turkiy yo‘lak” konsepsiyasini ishlab chiqish hamda poytaxtimizda TDT Texnologiya forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur takliflar raqamli makonni integratsiyalash, innovatsion ekotizimni rivojlantirish va yuqori texnologiya sohasida umumiy salohiyatni birlashtirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Prezidentimiz o‘z nutqida tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida gapirib, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi bugungi SI rivoji ilmiy poydevori ekanini qayd etdi. Xususan, bu borada quyidagilar ta’kidlandi:
– O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz.
Yana bir muhim tashabbus ilmiy va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida TURKSOY va Turkiy akademiya bilan hamkorlikda tarixiy-madaniy manbalarni yagona “ulkan ma’lumotlar” platformasiga jamlash taklifidir. Shu orqali turkiy xalqlarning umumiy ilmiy va madaniy merosini zamonaviy texnologiya asosida saqlash va tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Yoshlar masalasiga qaratilgan tashabbuslar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bu sohada “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi, yoshlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armaga boshqa a’zo davlatlarni ham jalb qilish taklifi kelajakda turkiy makonda zamonaviy bilimlar rivojiga xizmat qiladi.
Transport va logistika sohasidagi tashabbuslar ham mintaqaviy integratsiyani yanada rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ayni yo‘nalishda “E-Permit” elektron tizimini to‘liq joriy etish, bojxona ma’lumotini raqamlashtirish hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash bo‘yicha ilgari surilgan takliflar yuk tashish jarayonini soddalashtiradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ekologik va xavfsizlik tashabbuslari ham bugungi global kun tartibiga to‘la mos keladi. Shundan kelib chiqib, 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” sifatida e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida iqlim monitoringi tizimini yaratish, suv resurslarini boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish hamda Kiber xavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans tashkil etish takliflari TDT doirasida zamonaviy tahdidlarga yangi yondashuvlar shakllanayotganini namoyon etadi.
Umid Ergashev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
mustaqil izlanuvchisi