O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada o‘tgan sermahsul muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzildi, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkazilib, Ishbilarmonlar kengashi ta’sis qilindi, shuningdek, havo qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

Kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.