O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonning birinchi Prezidentini tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni telefon orqali muloqotda Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va uzoq umr tiladi.
Davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonning barpo etilishi, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish hamda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ko‘mak rishtalariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikning bugun yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.