TBC Uzbekistan Euromoney’ning to‘rtta nufuzli mukofotiga, jumladan, Markaziy Osiyoning eng yaxshi raqamli banki unvoniga sazovor bo‘ldi
London fond birjasida ro‘yxatga olingan TBC Bank Group tarkibiga kiruvchi TBC Uzbekistan raqamli moliyaviy ekotizimi moliya sohasidagi dunyoning eng nufuzli mukofotlaridan biri - Euromoney Awards for Excellence mukofotining to‘rtta nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
30 yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu mukofot samaradorlik, innovatsiyalar va mijozlar uchun qiymat yaratishda jahon standartlarini belgilayotgan banklarni e’tirof etib keladi. Har yili Euromoney mukofotining baholash dasturida dunyoning 125 mamlakatidan 700 dan ortiq moliyaviy tashkilot ishtirok etadi.
Euromoney ekspertlari TBC Uzbekistan’ning diversifikatsiyalangan va kengayib borayotgan mahsulotlar portfelini (bank, kredit va to‘lov yechimlari, muddatli to‘lov, sug‘urta, sayohat hamda chipta xarid qilish xizmatlari), shuningdek, mamlakatdagi kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan ilk to‘liq raqamli bank va kredit xizmati – TBC Biznes hamda O‘zbekistonda chakana savdoni avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan BILLZ – SaaS platformasini alohida qayd etdi.
TBC Uzbekistan’ning sun’iy intellekt strategiyasi ham yuqori baholandi. Kompaniyaning o‘z nutq texnologiyalari va o‘zbek tilidagi katta til modellari (LLM) asosida yaratilgan sun’iy intellekt yordamchisi – Lola ekotizimning markaziga aylanmoqda. Bugungi kunda Lola mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, savdo va qarzdorlik bilan ishlash jarayonlarida yordam bermoqda. Kelgusida esa u chakana va korporativ foydalanuvchilarni bog‘lovchi platformaga aylanib, ular o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtiradi.
TBC Uzbekistan bosh direktori (CEO) Nika Kurdiani: “2020-yilda faoliyatimizni boshlaganimizdan buyon Markaziy Osiyoda moliyaviy xizmatlarni transformatsiya qilish va ularni yanada ommalashtirish yo‘lida izchil ishlayapmiz. Bozorda yetakchi chakana mahsulotlar qatorini yaratdik, biznes yo‘nalishimizni jadal kengaytirmoqdamiz hamda mijozlar tajribasini tubdan o‘zgartirayotgan sun’iy intellekt yechimlarini joriy etmoqdamiz. Euromoney mukofotlari - bu faoliyatimizga berilgan yuksak baho va O‘zbekistonda raqamli bank xizmatlari yetakchisigina emas, balki Markaziy Osiyoda innovatsion texnologiyalar sohasining yetakchi ishtirokchisiga aylanganimizning tasdig‘idir”.
Markaziy Osiyoning eng yaxshi raqamli banki unvonidan tashqari, TBC Uzbekistan O‘zbekistonning eng yaxshi raqamli banki, iste’mol kreditlash va kichik hamda o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ham yetakchi deb topildi. Bu TBC’ning biznes va jismoniy shaxslar uchun xizmatlarni uyg‘unlashtirgan hamda ularning kundalik moliyaviy ehtiyojlari uchun qulay yechimlarni taklif etuvchi universal ekotizim sifatidagi mavqeini namoyon etadi.
Reklama huquqi asosida
O‘zA