Bugun suvning har tomchisi hisobda
Iqlim o‘zgarishi ta’siri tobora kuchayib, suv resurslariga bosim ortib borayotgan hozirgi sharoitda qishloq xo‘jaligida har bir tomchi suvdan samarali foydalanish strategik vazifaga aylanmoqda. Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv sarfini qisqartirish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Ayniqsa, fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish tizimini keng tatbiq etish suv xavfsizligini ta’minlash bilan birga, agrar sohaning iqtisodiy samaradorligini ham oshirishga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyatida ham mazkur yo‘nalishda amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, Sharof Rashidov tumanida faoliyat yuritayotgan “Mamatqul bobo” fermer xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash holati O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyida o‘rganildi.
Fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 115 gektarni tashkil etadi. Shundan 38 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu esa sug‘orish suvidan tejamkorlik bilan foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, tuproq namligini me’yorda saqlash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘rganish jarayonida inspeksiya mutaxassislari fermer xo‘jaligi mas’ullariga suv resurslaridan oqilona foydalanish, tomchilatib sug‘orish tizimlaridan samarali foydalanish, ularning texnik holatini doimiy nazorat qilish hamda suv isrofining oldini olish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashning iqtisodiy va ekologik afzalliklari, suvdan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirishning ahamiyati haqida atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Bu kabi amaliy ishlar davlat siyosatida belgilangan vazifalarning izchil ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanishning mutlaqo yangi mexanizmlari belgilab berildi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini kengaytirish, shuningdek, suvdan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Qaror ijrosi doirasida joylarda olib borilayotgan monitoring va profilaktik tadbirlar suv tejovchi texnologiyalarning haqiqatda joriy etilganligini baholash, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda fermerlarning bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan. “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, mavjud resurslarni asrash va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat suv sarfini qisqartirish, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, yer unumdorligini saqlash va yuqori hosildorlikka erishishning muhim omili hisoblanadi. Bu esa mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar tarmoq raqobatbardoshligini oshirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida belgilangan ustuvor vazifalarning izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri