Tataristonda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari jasadlari olib kelindi
Rossiyaning Tatariston Respublikasida dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi jasadi 12-avgust kuni maxsus aviareys orqali O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 10-avgust kuni Nijnekamsk shahridagi bir necha manzilga dron orqali hujum qilingan. Hodisa oqibatida qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bir necha hamyurtimiz turli darajada tan jarohati bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, mazkur holat oqibatini bartaraf etish, halok bo‘lgan fuqarolar jasadini Vatanga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi tashkil etilgan.
D.Hakimov, O‘zA