“Tashkent Grand Prix” turniri yuqori saviyada o‘tdi
Poytaxtimiz yana bir nufuzli xalqaro musobaqaga mezbonlik qildi. Aniqrog‘i, “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan velodromda ilk bor velotrek bo‘yicha “Tashkent Grand Prix” xalqaro turniri o‘tkazildi.
Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) taqvimiga kiritilgan mazkur musobaqada 10 ga yaqin davlatdan professional sportchilar ishtirok etdi.

Bellashuvlarda velosportchilar qimmatli reyting ochkolari uchun kurash olib bormoqda.
Turnirning so‘nggi kunida o‘tkazilgan “Madison” poygasi erkaklar o‘rtasidagi bahslarida Sergey Rostovsev va Dmitriy Bocharovdan iborat O‘zbekiston milliy terma jamoasi 67 ochko jamg‘arib, chempionga aylandi.

Hindiston terma jamoasi vakillari Vishavjit Singh hamda Harshvir Sekxon 45 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Alimardon Jamoldinov va Muhriddin Saparov juftligi 31 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa Gulnaz Xatunseva va Nafosat Qoziyeva juftligi 85 ochko bilan g‘olib bo‘ldi. Samira Ismoilova hamda Asal Rizayevadan iborat O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25 ochko bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Hindistonlik Svasti Singh va Puja Danole juftligi esa 19 ochko bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA