Prezident kubogida kimlar g‘olib chiqdi?
Respublikamizning sport markazlaridan biri Namangan keyingi yillarda ko‘plab yirik nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilmoqda. Jumladan, yaqinda o‘tkazilgan 65-xalqaro “Gullar festivali” doirasida yunon-rum kurashi, shotokan karate-do, qo‘l jangi kabi sport turlari bo‘yicha o‘nlab xalqaro turnirlar o‘tkazildi.
Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i” amfiteatrida professional sportchilar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” uchun xalqaro turniri ham yuksak saviyada tashkil etildi.
Mamlakatimiz rahbarining 2022-yil 20-iyundagi “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan ushbu nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamda O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Bahodir Toshmatov, Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi Prezidenti Sergey Astaxov ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, xalqaro musobaqalarni yurtimizda o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Birgina Namangan viloyatining o‘zida zamonaviy sport infratuzilmalari va sportchilarga berilayotgan keng imkoniyatlar xalqaro maydonda yuksak natijalar uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda.
2017-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident kubogi” xalqaro turnirida har yili jahon chempionlari, o‘z qit’asi va davlatida tengsiz deb topilgan mahoratli sportchilar ishtirok etmoqda. Musobaqalarda Markaziy Osiyo, MDH hamda Yevropa mamlakatlaridan kelgan mohir qo‘l jangi ustalari ham o‘zaro kuch sinashdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 41 ming 600 AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirda to‘rtta reyting va ikkita chempionlik jangi o‘tkazilib, unda mamlakatimiz sportchilariga Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Moldova, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi va Ruminiya davlatlaridan tashrif buyurgan mahoratli qo‘l jangi ustalari raqiblik qildi. Har bir jang sport muxlislariga yuksak mahorat, kuchli iroda va haqiqiy sport ruhini namoyon etdi.
Musobaqaning 67 kilogramm vazn toifasidagi ilk jangida jahon chempioni va kubogi g‘olibi, Osiyo chempioni Orif Normurodov va ikki karra Yevropa chempioni, MMA bo‘yicha Yevropa chempionati sovrindori, xalqaro turnirlar g‘olibi ruminiyalik Aleksandru Stankega qarshi ringga ko‘tarildi. Qiziqarli kechgan bahsda katta ustunlikka ega bo‘lgan hamyurtimiz ko‘hna qit’alik raqibi ustidan og‘ritish usuli bilan muddatidan oldin g‘alaba qozondi.
Shundan so‘ng ringga 80 kilogramm vaznga ega sportchilar ko‘tarildi. Qiziqarli va muroasiz kechgan jangda yurtdoshimiz – jahon kubogi g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Asadbek Hikmatov jahon kubogi va xalqaro turnirlar sovrindori rossiyalik Vladimir Tokovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
“Prezident kubogi”ning ayollar ishtirokidagi bahslari ham tomoshabinlarning olqishlari va e’tiboridagi janglar bo‘ldi. Ularda 64 kilogramm vaznda O‘zbekiston chempioni, jahon kubogi sovrindori Hilola Botirova xitoylik chempion Chjan Yuyzeni, 70 kilogramm vaznda esa, mamlakatimiz chempioni va jahon chempionati va kubogi g‘olibi Nilufar Polvonova qozog‘istonlik dongdor raqibasi – Osiyo chempioni va jahon kubogi g‘olibi Arjuman Berkumbayevani mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lishdi.
Turnirning erkaklar o‘rtasida 73 kilogramm vaznda jahon kubogi va chempionati g‘olibi Azizxon Abdullayeva va moldovalik Zmey Shtefan o‘rtasidagi jang iqtidorli hamyurtimizning ustunligi bilan yakunlandi.
Musobaqaning yakunlovchi va asosiy janglaridan birida – 97 kilogramm vaznga ega bo‘lgan jahon chempionati va kubogi g‘olibi, Osiyo chempioni Bekzod Muhammadov hamda xalqaro turnirlar sovrindori, balkan kekushan karate chempioni – turkiyalik pahlavon Shehzade Maxsun bahslashdi. Unda hamyurtimiz nokautga uchrab, g‘alabani boy berdi.
[gallery-30567]
Prezident kubogining g‘oliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bu kabi nufuzli musobaqalar qo‘l jangi sport turini yanada ommalashtirish, sportchilar o‘rtasida tajriba almashish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi sport hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari