“TASHKENT CYBERLEX - 2026”: raqamli davrda qonun ustuvorligi va kiberxavfsizlik bo‘yicha global muloqot
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “TASHKENT CYBERLEX - 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi bo‘lib o‘tdi.
“Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur forum mamlakatimizda ilk bor tashkil etildi.
Raqamli transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, shuningdek innovatsion texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish tizimiga mas’uliyatli va samarali joriy etish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli forum xalqaro ekspert platformasiga aylandi.

Zero, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, raqamli dalillar, kriptoaktivlar va kiberjinoyatchilik davlatlar huquqiy siyosati hamda milliy xavfsizlik tizimining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu nuqtai nazardan, forum mamlakatimizda raqamli davlat qurish, huquqiy tizim va huquqni muhofaza qilish sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Forum doirasidagi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev, Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Toshmatov, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Forum ishida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), INTERPOL, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), Yevropa kiberta’lim tarmog‘i (ECTEG) hamda boshqa nufuzli xalqaro institutlar ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Singapur, Niderlandiya, Avstriya, Latviya, Isroil, Vetnam, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan prokurorlar, sud ekspertlari, olimlar, huquqni muhofaza qilish organlari va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari qatnashdi.
“Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusida o‘tgan yalpi majlisda raqamli rivojlanish sharoitida huquqiy siyosat, davlat xavfsizligi va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilindi.
Forum doirasida tashkil etilgan to‘rtta tematik sessiya raqamli huquq va kiberxavfsizlik sohasining eng dolzarb masalalarini qamrab oldi.
“Yuridik fan va ta’limdagi innovatsiyalar: kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellekt” mavzusidagi birinchi sessiya huquqiy ta’limni raqamli transformatsiya sharoitida rivojlantirish, kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellektning huquqiy ta’lim hamda ekspert faoliyatiga ta’siriga bag‘ishlandi.

“e-Crime: raqamli kriminalistikaning zamonaviy usullari va vositalari” mavzusidagi ikkinchi sessiya kiberjinoyatlarni tergov qilish, elektron dalillar, raqamli izlar va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishdagi xalqaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qilish maydoniga aylandi.
“Sun’iy intellekt va jinoyat protsessi raqamli transformatsiyasi: taraqqiyot, xavf-xatarlar va shaxs huquqlarining kafolatlari” mavzusidagi uchinchi sessiya sun’iy intellektdan huquqni muhofaza qilish va odil sudlov sohasida foydalanishning huquqiy hamda axloqiy chegaralari, inson huquqlari kafolatlari va raqamli tergov istiqbollariga bag‘ishlandi.
“Raqamli dalillar va kriptoaktivlar: aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik” mavzusidagi to‘rtinchi sessiya esa kriptoaktivlar, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash, raqamli moliyaviy tergovlar va aktivlarni qaytarishning xalqaro huquqiy mexanizmlarini muhokama qilish uchun muhim ekspert maydoni bo‘ldi.
Forum doirasida xorijiy va milliy hamkorlar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar hamda ekspert muloqotlari o‘tkazildi.
Mazkur muloqotlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, institutsional aloqalarni kengaytirish va istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan amaliy natijalar bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Forum doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va hamkor tashkilotlar o‘rtasida qator o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
“TASHKENT CYBERLEX - 2026” forumi ilmiy muhokamalar bilan cheklanib qolmay, raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish sohasida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda kiberxavfsizlik va raqamli huquq sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim global platforma bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA