Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha amaliy muloqot
Toshkent viloyatida tuman hokimlari ishtirokida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Asosiy maqsad — sohada qabul qilinayotgan yangi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, ularni hududlarda samarali joriy etish mexanizmlari bo‘yicha mahalliy ijro organlari mas’ullarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Seminar doirasida ishtirokchilar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrosug‘urta tizimini takomillashtirish, agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari, paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun subsidiya va kompensatsiyalar, yer munosabatlari va elektron onlayn-auksion tizimi, qishloq xo‘jaligida soliq imtiyozlari, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan yangi huquqiy hujjatlar yuzasidan muhim bilimlarga ega bo‘lmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarini Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari olib bormoqda.

Shuningdek, muloqotlar davomida hududlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish hamda fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy mexanizmlar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar va ochiq muloqotlar tashkil etilib, sohada uchrayotgan muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.