O‘zLiDeP: aholi salomatligi muhofaza yo‘lida
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tuman Kengashida partiya deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Dilmurod Aniyazovning 2025-yil hamda 2026-yilning birinchi choragi davomida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, xususan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Unda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi..
Hisobotda keltirilishicha, bugungi kunda tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida 1 ta markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 7 ta oilaviy poliklinika va 6 ta oilaviy shifokorlik punkti aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Tizimda 170 nafar shifokor va mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritib kelmoqda.

Deputatlar tomonidan, ayniqsa, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish, profilaktik tibbiy ko‘riklar sifatini oshirish hamda onkologik kasalliklarni erta aniqlash masalalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 1-may holatiga 43 ming nafardan ortiq tug‘ish yoshidagi ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha manzilli sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilgan. Shuningdek, xavf guruhiga kiruvchi homilador ayollarni doimiy nazoratga olish, har bir asoratlangan homiladorlik holatiga “favqulodda holat” sifatida yondashish tizimi joriy qilingani qayd etildi.
Eng muhimi, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida tumanda onalar o‘limi qayd etilmagani deputatlar tomonidan ijobiy baholandi. Shu bilan birga, go‘daklar o‘limi holati bo‘yicha tahlillar o‘tkazilib, sohadagi ayrim muammolar ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, og‘ir holatda tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur jihozlar yetishmasligi, ayrim diagnostika imkoniyatlarining cheklangani deputatlar e’tiborini tortdi.
Deputatlik eshituvida tibbiyot sohasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani ta’kidlandi. Bu borada ommaviy axborot vositalari, mahalla institutlari va jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, tumanda “Ayollar maslahatxonasi”, “Qizlar salomatligi” bo‘limlari hamda “Onko-nazorat” xonalari tashkil etilgani, onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha keng qamrovli skrining tadbirlari amalga oshirilayotgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi. Bu kabi amaliy ishlar aholi salomatligini muhofaza qilish va kasalliklarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida partiya deputatlik guruhi tomonidan mutasaddi tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, ijro intizomi va natijadorlikni ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan joylarda aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni doimiy nazoratga olish, davlat organlari hisobotlarini eshitish va muammolar yechimiga amaliy ko‘mak berish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA