Tarvuzchilik daromad va taraqqiyot manbaiga aylanmoqda
Qashqadaryo viloyatida keyingi yillarda qishloq xo‘jaligining ayrim yo‘nalishlari nafaqat aholi bandligini ta’minlash, balki mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omiliga aylanmoqda. Ana shunday samarali yo‘nalishlardan biri tarvuzchilik bo‘lib, bugun u ayrim hududlarda tom ma’noda mahallalar iqtisodiyotining drayveri vazifasini bajarmoqda.
Viloyatning Ko‘kdala tumanidagi O‘tamayli va Ko‘kdala hududlarida shakllangan tarvuzchilik maktabi allaqachon o‘z samarasini berib ulgurgan. Erta bahordayoq pishib yetiladigan mahsulotning tashqi bozorlarga chiqarilishi, dehqonlarga yuqori daromad keltirayotgani boshqa hududlar uchun ham o‘ziga xos tajriba vazifasini o‘tamoqda. Bugun bu tajriba Koson tumanidagi Raximso‘fi, Andabozor, Xo‘jaquduq va Yakkasaroy qishloqlarida ham muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.

E’tiborlisi, joriy yilning o‘tgan davrida mazkur hududlardan eksport qilingan tarvuz mahsulotlari hajmi 1 million AQSH dollaridan oshdi. Bu esa mahalliy dehqonlarning mehnati xalqaro bozorlarda ham munosib baholanayotganini ko‘rsatadi.

Yaqin-yaqinlargacha mazkur hududlardagi aholining asosiy mashg‘uloti chorvachilik edi. Lalmi yerlar, suv tanqisligi va iqlim sharoiti dehqonchilik imkoniyatlarini cheklab qo‘yardi. Ko‘pchilik uchun yerdan samarali foydalanish haqidagi tasavvur ham unchalik keng emasdi.

Biroq tashabbuskor insonlar uchun imkoniyat har qanday sharoitda ham topiladi. Ko‘kdala tajribasini o‘rgangan raximso‘filik dehqonlar yer osti suvlaridan unumli foydalanish yo‘lini tanladi. 150-170 metr chuqurlikkacha quduqlar qazilib, nasoslar o‘rnatildi. Natijada yillar davomida qarovsiz yotgan yerlar hosildor maydonlarga aylandi.

Raximso‘fi qishlog‘idagi ilg‘or dehqonlardan biri Jahongir Boymatov bugun tarvuzchilik orqali katta natijalarga erishgan insonlar safida. U dastlab 50-60 sotix yerda sinov tariqasida tarvuz ekib ko‘rgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 gektar maydonda mahsulot yetishtirmoqda.
– Tarvuzchilik bilan qariyb o‘n uch yildan buyon shug‘ullanamiz, – deydi dehqon. – Ko‘chatlarni yanvar oyida stakanlarda tayyorlaymiz, mart boshlarida esa plyonka ostiga ekish ishlarini boshlaymiz. May oyining oxirlariga kelib dastlabki hosilni yig‘ib olamiz. Bu yil 200 tonna atrofida hosil kutyapmiz.

Uning aytishicha, yuqori hosildorlikka erishish uchun agrotexnik talablarga qat’iy amal qilinadi. Xususan, bir maydonga ketma-ket tarvuz ekishdan voz kechilib, almashilib ekish usuli qo‘llaniladi. Bu esa tuproq unumdorligini saqlash va kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, tarvuzchilikda zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Quduq nasoslari uchun zarur elektr energiyasi quyosh panellari orqali ta’minlansa, suv tanqisligining oldini olish maqsadida tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanilmoqda. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish bilan birga ekologik barqarorlikni ham ta’minlamoqda.
Mahalliy mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu qishloqlarda yashovchi deyarli har bir oilaning kamida 50-60 sotixdan tarvuz maydoni mavjud. Tayyor mahsulotni sotish borasida ham muammo yo‘q. Xaridorlar mahsulotni dalaning o‘ziga kelib qabul qilib olmoqda. Bu esa dehqonning vaqt va xarajatini tejashga xizmat qilmoqda.
Eksportbop mahsulot yetishtirishda sifat va xavfsizlik masalalari alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassislari dehqonlar bilan muntazam ish olib bormoqda. Ko‘chat ekishdan tortib hosil yig‘im-terimiga qadar fitosanitar nazorat va amaliy tavsiyalar berib borilmoqda.
Tuman bo‘limi fitosanitar nazorat inspektori Eldor To‘rayevning ma’lum qilishicha, Koson tumanida tarvuzchilikka bo‘lgan qiziqish yil sayin oshib bormoqda.
– Agar avvalgi yillarda 4,5-5 ming gektar maydonda tarvuz yetishtirilgan bo‘lsa, joriy mavsumda bu ko‘rsatkich 7 ming gektarga yetdi. Bugungi kunga qadar 1 million 100 ming AQSH dollarlik eksport amalga oshirildi. Mahsulotlar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya va Litva bozorlariga yetkazib berilmoqda. Bu yilgi eksport rejamiz 2 million AQSH dollarini tashkil etadi, – deydi mutaxassis.
Darhaqiqat, tarvuzchilik bugun nafaqat bir qishloq xo‘jaligi tarmog‘i, balki aholi farovonligini ta’minlayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan va eksport salohiyatini oshirayotgan muhim iqtisodiy omilga aylanmoqda.
Bir vaqtlar shamollar ufurib yotgan, lalmi yerlardan iborat bo‘lgan Raximso‘fi atrofidagi kengliklar bugun yam-yashil maydonlarga aylangan. Bu manzara zamirida esa insonning mehnati, izlanishi va tadbirkorlik ruhi mujassam. Eng muhimi, ushbu tajriba qishloq aholisi uchun yerdan samarali foydalanish orqali munosib daromad topish mumkinligini amalda isbotlab bermoqda.
Tarvuzchilikdan kelayotgan daromad esa bugun nafaqat ayrim xonadonlar, balki butun mahallalar taraqqiyotining muhim tayanchiga aylanib bormoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA