Tarixni bilish o‘zligimizni anglashdan boshlanadi
Mamlakatimizda noyob san’at asarlari, shuningdek, me’morchilik mo‘’jizalari bo‘lgan muzey eksponatlarining juda keng assortimenti mavjud bo‘lib, ularning qiymatini baholash juda qiyin.
Joriy yilning 2-sentabridan 8-sentabriga qadar Madaniy meros agentligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalar hamda uy-muzeylarida “Muzeylar haftaligi” o‘tkaziladi. Ushbu haftalik davomida Agentlik tizimidagi jami 114 ta davlat muzey va muzey-qo‘riqxonalariga hamyurtlarimiz bepul tashrif buyurishlari mumkin.
Ushbu haftalik tarix, san’at va milliy merosimiz bilan yaqindan tanishish, noyob eksponatlar va qadimiy yodgorliklar haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun ajoyib imkoniyat.
Muzeylar — shunchaki qadimiy buyumlar saqlanadigan maskan emas. Bu yerda xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, san’ati va milliy qadriyatlari mujassam. Har bir eksponat esa o‘tmishdan bugungi avlodga yetkazilayotgan o‘ziga xos bir hikoya. Tashrif buyuruvchilar barcha davrlarning badiiy xazinalari va qadimiy yodgorliklariga to‘la qadimiy ustalarning asarlari aks ettirilgan stendlar, bebaho eksponatlar to‘plamlari, shuningdek, O‘rta Osiyo hududida yashab, ham mintaqa, ham butun dunyo tarixida iz qoldirgan buyuk zotlarning mehnati va faoliyati mamlakatning boy va jonli tarixiy o‘tmishi bilan tanishishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA