Tanzila Norboyeva: Barqaror iqtisodiy o‘sish xorijiy davlatlarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka intilishini kuchaytirmoqda
Senat yalpi majlisida mamlakatimizning xalqaro miqyosda tutgan o‘rni, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishayotgan yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’tirofiga ko‘ra, yuqori iqtisodiy faollik orqali mamlakatimiz kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolmoqda.
– Joriy yilda nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik, — dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – 4-may kuni Samarqandda Prezidentimiz ishtirokida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishida ham islohotlarimiz ko‘lami, natijalari va istiqbollari xalqaro hamkorlarimiz tomonidan yuksak baholandi. Bunday yuksak e’tiroflar xorijiy davlatlarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka intilishini kuchaytirishi tabiiy.

Birgina misol: yaqinda mamlakatimizga tashrif buyurgan Chexiya hukumati rahbari Andrey Babish Chexiya kompaniyalarining mamlakatimiz bozoriga intilishi kuchayib borayotganini ta’kidladi.
Bunday e’tiroflar kuni kecha Buxoroda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillarini jamlagan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining majlisida ham yangradi.
Aytib o‘tish kerakki, muvaffaqiyatli o‘tkazilgan mazkur nufuzli anjuman xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi. Ayollar masalalariga doir mintaqaviy va global miqyosdagi muhim tendensiyalar, chaqiriqlar muhokama qilindi, iqlim o‘zgarishlari, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlar xususida fikr almashildi.
Olima ayollar ishtirokida esa ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, startap loyihalarni joriy etish kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumi yakunlari bo‘yicha ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning iqtisodiy salohiyatini oshirish, ijtimoiy himoyasi va xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida ishtirokchilarning yakdilligi va xayrixohligini bayon qiluvchi Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi xotin-qizlari muloqoti yakunlari bo‘yicha esa ikkinchi hujjat – Olima ayollarning ilmiy hamkorligini kengaytirishga qaratilgan Kommyunike qabul qilindi.
Mazkur xalqaro hujjatlar nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda ayollar manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-ma’rifiy faolligini oshirishga doir zamonaviy yondashuvlar va amaliy mexanizmlar shakllanishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA