1 ming 160 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan
Quyi palata majlisida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovning “Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga shaharsozlik faoliyati sub’ektlari tomonidan rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobi ko‘rib chiqildi.
Parlament so‘roviga berilgan javobda qayd etilganidek, Davlat arxitektura nazorati departamenti tomonidan 2025-yil yakuniga qadar 640 ta, joriy yil holatiga 520 ta, jami 1 ming 160 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan. Shundan 1 ming 110 ta ob’ektga ogohlantirish xati berilib, ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangan. 118 tasi hozirgi kunda bartaraf etilgan bo‘lsa, 65 tasi bo‘yicha majburiy buzdirish haqida sudga da’vo arizasi kiritilgan.

Shuningdek, nazorat tizimini raqamlashtirish maqsadida vazirlik tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratildi. Mazkur tizim Adliya vazirligining “Notarius”, Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish”, Oliy sudning “Adolat”, Kadastr agentligining “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Buning natijasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlar haqida ma’lumotlar shakllanadi va ushbu ob’ektlarga nisbatan taqiq qo‘yilib, bino va inshootlarning oldi-sotdisining oldi olinadi.
Vazirlik tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash, bartaraf etishda jamoatchilik ishtirokini samarali tashkil etish maqsadida “Ogoh fuqaro” axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, u orqali o‘zboshimcha qurilish olib borilayotgan holatlar to‘g‘risida xabar berish imkoni yaratildi.
Shuningdek, viloyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan arxitektura va shaharsozlik kengashlari tomonidan 2025-yilda berilgan ijobiy xulosalardan jami 1 ming 133 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun 2 ta boshqarma boshlig‘i, 2 ta bosh arxitektor, 10 ta bo‘lim boshlig‘i, 19 ta bosh va bitta yetakchi mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Majlisda mazkur masala yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan muayyan ishlar olib borilayotgani qayd etilib, parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA