Bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 jinoyat hamda 26 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi
Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 1 ming 934 murojaat kelib tushganini qayd etdi.
Ularning 509 tasi ijobiy hal qilingan hamda 708 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri (470), Surxondaryo (254) va Toshkent viloyatlari (236) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35-marta shaxsiy qabuli tashkil etilib, unda 141 nafar fuqaro murojaati ko‘rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan 3 ogohlantirish, 6 taqdimnoma, 25 xulosa va 3 sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 jinoyat ishi hamda 26 ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, 20 jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borish uchun yuborilgan.
Internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar yuzasidan 23 jinoyat ishi hamda 28 ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.
Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy jazo qo‘llaganligi, o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 15 nafar pedagog xodimga ma’muriy jazo, bolaga qo‘pol muomalada bo‘lganligi uchun esa 6 nafar pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, bolaga oid qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organning 2 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Senatorlar tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi islohotlar hamda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi yuzasidan qator fikr va takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA