O‘zbekiston va Belarus: investitsiyaviy hamkorlik yangi, amaliy bosqichga ko‘tariladi
Xiva shahrida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston va Belarus: sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatini ro‘yobga chiqarish” mavzusidagi birinchi sho‘’ba yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat parlamentlari a’zolari, davlat organlari vakillari, ishbilarmon doiralar, tadbirkorlik birlashmalari hamda faol tadbirkor ayollar ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini kengaytirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi qiymat zanjirlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarining tobora mustahkamlanishi nafaqat mavjud hamkorlikni kengaytirish, balki yangi sanoat tarmoqlarini o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, sanoat kooperatsiyasi doirasida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, mahalliy xomashyo va resurslardan samarali foydalanish, texnologik tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Sho‘’ba yig‘ilishida, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularning tadbirkorlikdagi ishtirokini kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Xususan, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kasbiy ko‘nikma va kompetensiyalarni rivojlantirish, ayollarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarida ularning ishtirokini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish muhim vazifalar sifatida belgilab olindi.

Muloqot jarayonida O‘zbekiston va Belarus tadbirkorlari o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish, mavjud biznes aloqalarini kengaytirish va amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashildi.
Ishtirokchilar sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sanoat, investitsiya va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish, ishbilarmonlik muloqotini izchil davom ettirish va yangi sheriklik tashabbuslarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA