Tanlov ğoliblari aniqlandi
Guliston şahridagi 8-sonli umumiy örta taʼlim maktabida alohida taʼlim ehtiyojlari bölgan bolalar örtasida «Sen isteʼdodlisan» xayriya tanlovining viloyat bosqiçi bölib ötdi. Ijod va isteʼdod bayramiga aylangan mazkur tadbirda viloyatning turli hududlaridan kelgan öquvçilar öz qobiliyati, mahorati va ijodiy salohiyatini namoyiş etdilar.
Tanlov bolalarning sanʼatga bölgan qiziqişini qöllab-quvvatlaş, ulardagi iqtidorni kaşf etiş, ijodiy imkoniyatlarini röyobga çiqariş hamda öz kuçiga bölgan işonçini mustahkamlaşga qaratilgani bilan ahamiyatli böldi. Zero, har bir bolaning öziga xos qobiliyati va isteʼdodi bor. Uni öz vaqtida anglaş, rağbatlantiriş va rivojlantiriş esa yangi yutuqlar sari yöl oçadi.
Bellaşuv davomida iştirokçilar tasviriy sanʼat, anʼanaviy va estrada yönalişlarida öz isteʼdodlarini namoyiş etdilar. Ular tayyorlagan ijodiy işlar, kuy-qöşiqlar va sahna çiqişlari iştirokçilarning izlanişi, mehnati hamda sanʼatga bölgan mehrini aks ettirdi. Tanlov har bir bolaga özini namoyon etiş, tengdoşlari bilan ijodiy muloqot qiliş va qobiliyatini keng auditoriyaga körsatiş imkonini berdi.
[gallery-32409]
Yakuniy natijalarga köra, tasviriy sanʼat yönalişida Xovos tumanidagi 12-sonli maktab öquvçilari Marjona Ibragimova va Bilol Yöldoşevlar ğoliblikni qölga kiritişdi. Anʼanaviy va estrada yönalişlarida esa Sayxunobod tumanidagi 14-sonli maktab öquvçilari Eldor Xoldorov hamda Tölqin Abdurahmonov viloyat bosqiçi ğoliblari deb topildi.
Tadbir yakunida ğoliblar va faol iştirokçilar taşkilotçilar tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovğalari bilan taqdirlanişdi.
Ğulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) ÖzA