Nega milliy madhiyalar jör bölib kuylanadi: akustikami yoki psixologiya?
Dunyo mamlakatlarining milliy madhiyalari ijrosiga eʼtibor qaratsak, bir qiziq umumiylikka duç kelamiz: ularning deyarli barçasi xoh akapella — çolğu asboblarisiz, xoh simfonik orkestr jörligida bölsin, xor tarzida, jör ovozlikda ijro etiladi. Nega aynan şunday? Nima uçun milliy madhiyalar yakkaxon ijroçiga emas, balki köpçilikning birgalikda kuylaşiga möljallab yaratiladi? Buning sababi akustikadami yoki inson psixologiyasida?
Aslida, milliy madhiyani yakkaxon tarzida ijro etişni taqiqlovçi umumiy qoida yöq. Biroq millat ruhi, milliy ğurur va birlik ifodasi bölgan madhiyani jör bölib kuylaş anʼanasi insonlar ongu şuuriga şu qadar çuqur singib ketganki, uning boşqa ijro şaklini tasavvur qiliş ham oson emas.
Buni şunçaki musiqiy anʼana yoki tasodifiy ijro uslubi deb bölmaydi. Milliy madhiyalar maʼlum badiiy va musiqiy talablar asosida yaratiladi. Bastakorlar va şoirlar, aksar hollarda, asarning ilk konsepsiyasidanoq uni yakkaxon ijroçi emas, balki köpçilik birgalikda kuylaşini nazarda tutadi. Çunki madhiya faqat musiqiy asar emas, u butun bir millatning ovozi, umumiy tarixi va özligini ifoda etuvçi ramzdir. Uning matni ham öziga xos talablarga javob berişi kerak: sözlar oson yodda qolişi, ohang esa keng jamoa tomonidan kuylaşga qulay bölişi bilan birga, boşqa mamlakatlar madhiyalaridan farqlanib turadigan darajada öziga xos bölişi lozim.
Fransiyaning “La Marseillaise” (“Marseleza”)si, Buyuk Britaniyaning “God Save the King” (“Xudo qirolni asrasin”) madhiyasi, Xitoyning “Köngillilar yurişi”, Rossiya davlat madhiyasi, şuningdek, boşqa qator milliy madhiyalar kabi yurtimiz madhiyasi ham jamoaviy ijro anʼanasi bilan boğliq asarlar sirasiga kiradi.
Bundan taşqari, madhiyalar tarixan köpinça oçiq havoda, katta maydonlarda, ommaviy tadbirlar va tantanalarda ijro etilgan. Bunday şaroitda köpçilikning birgalikda kuylaşi nafaqat ovozning keng tarqalişiga, balki umumiy ruhiy muhitning şakllanişiga ham xizmat qilgan. Qiziği şundaki, ovozni kuçaytiriş texnologiyalari paydo bölib, yakkaxon ijroçining ovozini minglab odamlarga yetkaziş imkoniyati yaratilganidan keyin ham milliy madhiyalarning jamoaviy ijro anʼanasi özgarmadi.
Demak, masalaning mohiyati faqat akustikada emas. Bu yerda psixologiyaning örni ham katta. Xor tarzida kuylaş insonlarda hamjihatlik tuyğusini kuçaytiradi, ularni umumiy maqsad va hissiyot atrofida birlaştiradi. Bir vaqtning özida bir xil sözlarni aytayotgan, bir ohangni kuylayotgan odamlar özlarini katta bir jamoaning ajralmas qismi sifatida his qiladi. Şu maʼnoda, madhiyani birgalikda kuylaşning özi ham milliy birlikni namoyon etuvçi ruhiy jarayondir.
Bu taʼsirning kuçini fransuz vatanparvarining bir iborasi bilan ham ifodalasak böladi: “Marseleza”ni tinglaş meni barrikada (panjarali tösiq) qurişni boşlaşga undaydi”. Bu gap milliy madhiyaning inson hissiyotlari va jamoaviy kayfiyatiga qançalik kuçli taʼsir körsatişi mumkinligini anglatadi.
Milliy madhiyalarga oid qiziq faktlar
Milliy madhiyalarning tarixi faqat musiqa va şeʼriyatdan iborat emas. Ularda xalqlarning taqdiri, siyosiy özgarişlar, tarixiy xotira mujassam. Dunyo madhiyalari orasida buni yaqqol körsatuvçi bir qança qiziq faktlar mavjud.
Sözsiz ijro etiladigan madhiyalar. Kosovo va San-Marino davlat madhiyalarining rasmiy sözlari yöq. Ular faqat musiqa şaklida ijro etiladi. Ispaniyaning “La Marcha Real” (“Qirollik marşi”) madhiyasi uçun ham rasmiy matn tasdiqlanmagan. Turli davrlarda unga moslaştirilgan norasmiy matnlar taklif qilingan bölsa-da, ular rasmiy maqomga ega emas.
Ikki madhiya bir ötmiş. Italiya va Polşa davlat madhiyalarida bir-biriga işora qiluvçi tarixiy misralar mavjud. Italiya madhiyasining tarixiy matnida Polşa xalqi, Polşa madhiyasida esa italyan xalqi tilga olinadi. Bu özaro boğliqlik ikki xalqning ozodlik uçun kuraşgan ötmiş xotiralari bilan izohlanadi.
Qariyb ön yil sözsiz yangragan madhiya. Bosniya va Gersegovina davlat madhiyasi — “Intermetsso” ham öziga xos tarixga ega. Mamlakatdagi bosniyaliklar, serblar va xorvatlar uçun birdek maqbul böladigan matnni kelişiş qiyin keçgani sababli, madhiya qariyb ön yil davomida faqat musiqa şaklida ijro etilgan. Nihoyat, 2009-yilda uning rasmiy matni tasdiqlangan.
Bir davlat madhiyasida mujassam ikki xalq ovozi. 1918-yilda Çexoslovakiya davlati taşkil topgaç, mamlakatdagi ikki asosiy xalq — çexlar va slovaklarning milliy qöşiqlari bitta davlat madhiyasiga birlaştirilgan. Çexoslovakiya ikki mustaqil davlatga — Çexiya va Slovakiyaga ajralgaç, madhiya matni ikki qismga bölinib, har ikki xalq özining tarixiy asarini alohida davlat ramzi sifatida saqlab qolgan.
Milliy madhiyani jör bölib kuylaş şunçaki musiqiy anʼana emas, balki xalqning birligi, hamjihatligi va milliy özligini namoyon etuvçi öziga xos ramz hisoblanadi. Dunyo madhiyalarining turfa tarixi esa har bir xalqning orzu-intilişlari, qadriyatlari va tarixiy xotirasida öz aksini topadi.
Zuhra Mirzaboyeva,
ÖzA