Taniqli beysbol ustasi O‘zbekistonda
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Janubiy Koreya beysbolining afsonaviy murabbiyi, sport rahbari va beysbol sohasidagi xalqaro darajadagi mutaxassis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda olimpiya o‘yinlari tizimidagi beysbol sport turini yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni Koreyadagi beysbol maktablari, universitetlar va professional klublar tizimiga jalb etish, sport ta’limi va amaliy tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov suhbat jarayonida yurtimizda ommaviy sport harakatini, olimpiya sport turlarini yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or davlatlarning tajribasini o‘rganish, tatbiq etish, professional sportchi va murabbiylarni tayyorlash borasida davlat dasturlari ishlab chiqilgani xususida so‘zlab berdi.

O‘z navbatida koreyalik beysbol mutaxassisi O‘zbekistonda beysbol sportini rivojlantirish, yosh sportchilar uchun xalqaro tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirish borasida zarur infratuzilma mavjudligini e’tirof etib, O‘zbekiston – Koreya hamkorligi mahoratli beysbol ustalarini tayyorlashda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda beysbol sport turi dunyodagi 120 ta davlatda jadal rivojlanmoqda. Har yili AQSH, Yaponiya, Chexiya, Kuba, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarda o‘nlab turnirlar, chempionatlar o‘tkazib kelinadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA