Ta’limdan uzilmagan bolalik: “Mehrli maktab” faoliyati qanday kechmoqda?
Bola salomatligi va ta’limi bir-biridan ajralmas tushuncha. Ayniqsa, uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalar uchun ta’lim jarayonini uzluksiz davom ettirish, ularning bilim olishi bilan birga, ruhiy qo‘llab-quvvatlanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda sog‘lig‘i tufayli maktabga muntazam qatnay olmaydigan bolalar uchun ham ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshirildi.
Ma’lumki, 2022-yilda mamlakatimizda “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Hukumatning tegishli qarori bilan 2023-yilda maktabning filiallari tashkil etilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar “Mehrli maktab”ning 9 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasa va uning filiallaridagi 83 nafar pedagogik jamoa tomonidan bugungi kunga qadar 31 ming 209 nafar (shundan, 14 274 nafari bog‘cha, 16 935 nafari maktab) uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatildi. “Mehrli maktab”da 3 turdagi (maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim, maktabdan tashqari ta’lim) ta’lim-tarbiya xizmati mavjud.
Qayd etilishicha, “Mehrli maktab” ta’lim muassasasi hozirda Rossiya Federatsiyasining “Uchim Znayem” gospital maktabi, Germaniyaning Lyudvig-Maksimilian nomidagi Myunxen universiteti, Buyuk Britaniyaning Chelsea Community Hospital School hamda “HOPE” xalqaro tarmog‘i bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘tgan 2025-yilda “Mehrli maktab” jamoasi Dublin shahrida o‘tkazilgan HOPE-2025 xalqaro kongressida ishtirok etib, gospital ta’lim, inklyuziv ta’lim va bolalarni davolanish jarayonida ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi. Bundan tashqari “Mehrli maktab” o‘quvchilari xalqaro tanlov va festivallarda yuqori natijalarga erishmoqda. 2024-yilda “The Planet of Art” xalqaro yoshlar festivalida muassasa o‘quvchilaridan 11 nafari g‘oliblar qatoriga kirgan. Eng yaxshi ishlar Parijdagi YUNESKO qarorgohida namoyish etilgan.
“Mehrli maktab”ning tashkil etilishi davolanayotgan bolalar uchun ta’lim va tarbiya jarayonini uzluksiz davom ettirishga xizmat qiladi. Bu yerda o‘quvchilar nafaqat bilim olish, balki tengdoshlari bilan muloqot qilish, o‘z qobiliyatlarini namoyon etish va jamiyatga moslashish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Eng muhimi, bolaning salomatligi bilan bog‘liq holat ta’lim olish huquqini cheklamasligi kerak. “Mehrli maktab” ana shu tamoyilni amalda ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, davolanish va ta’limni uyg‘unlashtirish, bolalarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA