Ta’lim tizimidagi islohotlar va yondashuvlar samarasi
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining barcha jabhalarida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy sohaning poydevori bo‘lgan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar alohida e’tiborga molik. So‘nggi yillarda ta’limning barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish yo‘lida qator muhim amaliy qadamlar tashlandi.
Oliy ta’lim tizimini chuqur isloh qilish, uni zamonaviy pedagogik yondashuvlar va ilg‘or texnologiyalar asosida rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bu borada 2019 yil 8 oktyabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi" sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishini belgilab berdi.

Guliston davlat pedagogika institutida ham bu yo‘nalishda muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida seminar-treninglar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va tematik haftaliklar muntazam tashkil etilmoqda. Xususan, "Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida o‘tkazilgan tadbirlar yosh avlodda ijtimoiy faollik va ma’naviy ongni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Institutda 133 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, ularning 35 foizini ilmiy darajaga ega mutaxassislar tashkil etadi. 5173 nafar talaba, 125 nafar magistr, 25 nafar doktorant va 25 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Bakalavriat yo‘nalishlari 19 taga, magistratura esa 10 ta yo‘nalishga ega. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tajriba almashish orqali o‘z malakasini oshirmoqda, ilmiy maqolalar va darsliklarni hammualliflikda tayyorlamoqda.

Guliston davlat pedagogika instituti 2023 yil 8 avgustdagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining "Yoshlar akademiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida"gi 349-sonli buyrug‘ining 2.1-bandi ijrosi yuzasidan Yoshlar akademiyasi liderlari tizimini yo‘lga qo‘ydi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning "Harakat qilgan inson albatta yaxshi natijaga erishadi" deganso‘zlariga amal qilgan holda, talabalarimiz bir qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Sirdaryo viloyatidagi uchta oliy ta’lim muassasasi orasidan aynan Guliston davlat pedagogika instituti talabasidan Sirdaryo viloyati Yoshlar Akademiyasi hududiy lideri etib saylandi. Bu sharafli maqomga institutimizning 1-bosqich magistranti Doniyor Erbutayev loyiq deb topildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yosh kitobxon" tanlovining respublika bosqichi yakuniga yetdi va institutimiz talabalari yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, Guliston davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich 13-23 MT guruhi talabasi Murodova Shahnozabonu Abdurahmon qizi "Yosh kitobxon" tanlovining 15-19 yosh toifasida ishtirok etib, yurt miqyosida faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Yangi O‘zbekistonning rivojlanishida yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Guliston davlat pedagogika institutida talabalar uchun zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan yangi 1000 o‘rinli bino qurildi. Shuningdek, talabalarning o‘qish jarayonida qulaylik yaratish maqsadida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan boshlangan "Kitob ulashib – ma’rifat tarqatib" aksiyasi doirasida Guliston davlat pedagogika instituti rahbarlari va professor-o‘qituvchilari o‘z ta’lim olgan maktablarga kitob sovg‘a qilishdi. Bu tashabbus yosh avlodning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, ilm olishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Milliy liboslar xalqimizning boy tarixi, madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi bebaho merosdir. Guliston davlat pedagogika institutida milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish va ularni yoshlar orasida keng yoyish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli har juma va shanba kunlari institutda "Milliy liboslar" kuni o‘tkazilib, talabalar va o‘qituvchilar milliy liboslarda qatnashib, milliy qadriyatlarimizga hurmat ko‘rsatadilar.

Shuningdek, sport aholi va ayniqsa yoshlarning jismoniy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Guliston davlat pedagogika institutida sportga bo‘lgan qiziqish doimiy oshib bormoqda. Talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida "Rektor kubogi" va "Besh tashabbus olimpiadasi" kabi musobaqalar o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqalar doirasida futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika va stritbol sport turlarida musobaqalar tashkil etilmoqda. Talabalar bu musobaqalarda yuqori faollik ko‘rsatib, sportga bo‘lgan izqishlari va jismoniy tayyorgarliklarini namoyon etmoqdalar.
J.Karshibayev,
Guliston davlat pedagogika instituti rektori,
Sirdaryo viloyati xalq deputatlari kengashi deputati