Talabalar uchun yangi turar joylar tuhfa etilmoqda
Yangi o‘quv yili oldidan hududdagi yoshlarning ta’lim olishiga sharoit yaratish, ijarada yashayotgan talabalarni joylashtirish va bu boradagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish eng muhim vazifalardan sanaladi. Bu borada Toshkent viloyatida ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining talabalar turar joyi qurilishi ham yakunlandi. Besh yuz o‘ringa mo‘ljallangan mazkur loyiha uchun 25,9 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Besh qavatdan iborat bino 142 ta xonadan iborat. Har bir xonaga 3 nafar talaba joylashishi mo‘ljallangan. Dars qilish, kiyim-kechak va yotoq mebellari, shuningdek, ko‘rpa-to‘shak bilan to‘liq ta’minlangan. Binoda suv ta’minoti, issiqlik, yoritish, kanalizatsiya tizimlarining sifatli ishlashi yo‘lga qo‘yilgan. Binoning pastki qismida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.


Shuningdek, Chirchiq davlat pedagogika universitetida 700 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari S.Buzrukxonov, viloyat hokimi o‘rinbosari O.Sultonbekov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N.Kulbekova hamda universitet rektori G.Muhamedov hamda jamoatchilik vakillari, nuroniylar, faxriy ustozlar ishtirok etdi.
Yangi ishga tushirilgan Talabalar turar joyi oliygoh yoshlarining yotoqxona bilan ta’minlanish darajasini 65 foizga yetkazdi. Mazkur inshoot 41 milliard so‘m evaziga bunyod etildi.



A.Musayev,O‘zA.