Talabalar uchun yangi o‘quv yili qachon boshlanadi?
Yangi o‘quv yili arafasida oliy ta’lim muassasalarida tayyorgarlik ishlari yanada jadallashmoqda.
Talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash maqsadida qator vazifalar belgilandi. Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 21-avgustdagi tegishli bo‘yrug‘i bilan ta’lim tashkilotlarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 20-avgustidan 30-sentabriga qadar oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida “Dolzarb qirq kunlik” deb e’lon qilindi.
Xo‘sh, 2026/2027-o‘quv yili qachon boshlanadi?
Yangi o‘quv yili 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentabrdan, 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentabrdan boshlanadi. Bundan tashqari, talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga to‘lov-kontrakt mablag‘larini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lagunga qadar tegishli farmoyish asosida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi. Bu yangi talaba uchun o‘quv jarayonini kechiktirmasdan boshlash imkonini beradi.
Yangi o‘quv yili doirasida birinchi bosqich talabalarini oliy ta’lim muhitiga moslashtirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, talabalarni tantanali kutib olish, “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligini tashkil etish hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Sentyabr oyida ta’lim tashkilotlarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” o‘tkaziladi. Darslar doirasida jadidlik harakati namoyandalari va qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, viktorina va ko‘rik-tanlovlar, shuningdek, sport musobaqalari tashkil etiladi. Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari oldiga o‘quv binolari va talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, o‘quv-uslubiy hujjatlar bilan ta’minlash hamda ta’lim jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA