Talabalar tadqiqotlari ishlab chiqarishga
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish muassasalari o‘rtasida innovatsion hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish muassasalari o‘rtasida innovatsion hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyoti innovatsion rivojlantirilayotgani, olimlar yaratgan ilmiy-texnikaviy ishlanmalar tegishli sohalarga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining ixtisoslik kafedralari qoshida 1 ming 230 dan ortiq innovatsion guruh faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda muayyan yo‘nalishga mos zamonaviy korxonalar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Ilmiy-texnologik muammolar banki shakllantirilib, soha va ixtisosliklariga mos 4 ming 400 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qariyb 27 milliard so‘mga teng 465 loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar doirasida 116 ta patent, 44 ta komputer dasturiy mahsulotlariga guvohnomalar olindi. Ilmiy tadqiqot ishlari natijasida qishloq xo‘jaligi, kimyo, neft-gaz, metallurgiya, mashinasozlik, farmatsevtika sanoatlari uchun yangi ishlanmalar yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi.
Yig‘ilishda innovatsion ishlanmalar samarasida yurtimizda tan olingan o‘n bitta eng ilg‘or texnologiyadan oltitasi oliy ta’lim muassasalari tomonidan yaratilganligi alohida qayd etildi.
– Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan an’anaviy tarzda Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkalari o‘tkazilib kelinmoqda, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti prorektori Karima Norqulova. – Mazkur yarmarkalar amaliy tadqiqotlarni ishlab chiqarishga joriy etish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiquvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda universitetimiz talabalari faol ishtirok etib, yangi loyiha va ishlanmalari bilan qatnashmoqda.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.