Talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
«Payshanba — Yoshlar kuni» doirasida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov Guliston davlat universitetida bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim sifati va ularning bilim hamda salohiyatini oshirish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Ayni paytda universitetda 477 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Kunduzgi, sirtqi, masofaviy va kechki ta’lim shakllarida bakalavriat hamda magistratura bosqichlarida jami 16 315 nafar talaba tahsil olmoqda. Bunday ko‘lamdagi ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, o‘qitish sifatini oshirish va talabalarning zamonaviy bilimlarni egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘rganish jarayonida tibbiyot hamda buxgalteriya hisobi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Suhbat davomida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishning bugungi mehnat bozoridagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Zero, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va zamon talablariga mos mutaxassis bo‘lib yetishish dolzarb vazifadir. Ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish va xorijiy tillarni bilish yoshlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirib, mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.
— Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov bilan talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot yoshlar uchun muhim fikr va takliflar o‘rtaga tashlangan samarali uchrashuv bo‘ldi. Suhbat davomida yoshlarning bilim olishga intilishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi va xorijiy tillarni puxta o‘rganishi kelajakdagi muvaffaqiyatlarining muhim omili ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, ingliz, koreys va nemis tillarini bilishga alohida e’tibor qaratilib, bu orqali Koreya, Germaniya va boshqa davlatlarda malaka oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni boyitish, hatto xalqaro mehnat bozorida munosib ish topish mumkinligi qayd etildi.
Bugungi kunda tibbiyot sohasida ham bilim va tajriba chegara bilmaydi. Shu bois kelajak shifokorlari nafaqat o‘z sohasini chuqur bilishi, balki xorijiy tillarni o‘zlashtirib, jahon tibbiyotidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib borishi ham zarur. Bunday muloqotlar talabalarga o‘z imkoniyatlarini kengroq anglash, oldilariga katta maqsadlar qo‘yish va ularga erishish yo‘lida dadil qadam tashlash uchun ruh va ishonch bag‘ishlaydi, — deydi tibbiyot fakulteti dekani, tibbiyot fanlari nomzodi Farhod Shernazarov.

Shuningdek, talabalar davomatini raqamlashtirish va nazorat samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu borada Toshkent shahrining Olmazor tumani tajribasini o‘rganish va uni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Talabalar turar joylarida yoshlar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalari ham o‘rganildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish universitet profilaktika inspektorlariga vazifa sifatida yuklatildi.
Yoshlar uchun munosib ta’lim muhitini yaratish sifatli bilim berish bilangina cheklanmaydi. Bu, avvalo, ularning xavfsizligini ta’minlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama kamol topishi uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirishni ham taqozo etadi.
O‘rganish davomida muhokama qilingan masalalar va belgilangan vazifalar universitetda ta’lim sifatini oshirish, talabalarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda ular uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri