Agrar sohadagi islohotlar - xalqaro e’tirofda
Agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi faqat ichki ko‘rsatkichlar bilan emas, balki xalqaro hamjamiyatning ularga berayotgan bahosi bilan ham o‘lchanadi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar nufuzli xalqaro minbarlarda ham e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSHda Jahon oziq-ovqat mukofoti tadbirlari doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Syuy Dun’yuy bilan uchrashdi. Muloqot davomida FAO rahbari O‘zbekistonga tashrifi, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va yangilanish jarayonlariga alohida to‘xtalgan FAO Bosh direktori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘layotganini qayd etdi. Bu e’tirof agrar sohadagi o‘zgarishlarning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini ko‘rsatishi bilan muhim. Zero, bugun qishloq xo‘jaligi faqat mahsulot yetishtirish yoki eksport hajmini oshirish bilan cheklanmaydi. U aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq aholisi farovonligini oshirish va global oziq-ovqat tizimi barqarorligini mustahkamlash bilan ham chambarchas bog‘liq.
Ma’lumki, joriy yilda yurtimizda Xalqaro paxta kuni munosabati bilan yuqori saviyadagi tadbirlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va mamlakatimizni ishonchli hamkor sifatida tanitishga xizmat qiladi, albatta.
Muloqot davomida Syuy Dun’yuy Xalqaro paxta kuni tadbirlari, shuningdek, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumning ahamiyati haqida ham o‘z fikrlarini bayon etdi. O‘tkazilgan forum yangi tashabbus, strategiyalarni ro‘yobga chiqarish, birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini aytib o‘tdi.

FAO rahbarining O‘zbekistondagi islohotlarga bildirgan e’tirofi va mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarga berilgan baho agrar sohadagi hamkorlik uchun muhim muloqot muhiti shakllanayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, xalqaro e’tirof islohotlarning yakuniy maqsadi emas, balki ularning natijadorligini oshirish yo‘lidagi muhim omildir. Bu jarayonda asosiy mezon — qishloq xo‘jaligining barqarorligi, aholi dasturxonining to‘kinligi va oziq-ovqat xavfsizligining ishonchli ta’minlanishi.
Tomonlar O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasida muhim kelishuvlarga erishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA