Tadbirkorlik – iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam tamal toshi
Bugungi kunda yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi tarixiy muloqoti oddiy suhbat doirasidan chiqib, mamlakatning yaqin istiqboldagi texnologik va eksport qiyofasini belgilab beruvchi strategik dasturga aylandi.
Muloqotning aynan Xorazm zaminida o‘tkazilishi zamirida ham chuqur ramziy ma’no va katta iqtisodiy hisob-kitoblar yotibdi. So‘nggi yillarda vohada tadbirkorlikka berilgan keng imkoniyatlar tufayli hudud tubdan chiroy ochdi.
Xorazm zaminida tashkil etilgan bu yilgi yuqori darajadagi uchrashuv o‘z miqyosi va iqtisodiy ahamiyati bilan avvalgilaridan tubdan ajralib turdi. Ilk bor studiyalar orqali chekka hududlardagi 25 mingga yaqin tadbirkorlarning ishtiroki ta’minlandi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida so‘nggi besh yil davomida sohani rivojlantirish yo‘lida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilganini alohida ta’kidladi. Ushbu davrda biznesga to‘siq bo‘lgan minglab muammolarni bartaraf etish maqsadida 84 ta qonun hamda 861 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
Amaliy sa’y-harakatlar natijasida o‘zbek biznesi yangi davrga – «biznesni boshlash» bosqichidan «kapitalni ko‘paytirish va yirik loyihalarni amalga oshirish» bosqichiga dadil qadam qo‘ydi.

Erishilgan raqamlar islohotlarning yaqqol isbotidir. Korxonalarning asosiy kapitalga kiritgan investitsiyalari 3 barobarga ortib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi. O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda. Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi. So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda “katta sakrash” qilindi.
Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.
Jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. “Fitch” va “Moodyʼs” agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi. Davlatimiz rahbari bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Joriy yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Milliy sanoat zanjiri” orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtmalar oldi. Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qildi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS “keshbek” sifatida qaytarildi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarda qoldi.
Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilindi, Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan yuzlab mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.
Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini joriy qilgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin ortgan. 25 foizida tannarx kamayib, 40 foizida daromad o‘sishi hisobiga ishchilarning oyligi 10 foizdan ko‘proq ko‘tarilgan.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Kelasi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi. “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarga sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham byudjetdan qoplanadi.
Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masalalardan biri – garov ta’minoti. Shu bois, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi. 10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
“Virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sun’iy intellekt portali ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday “sun’iy intellekt yordamchilari” qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Ko‘p tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish aylanma mablag‘ni qisqartirayotganini bildirgan. Endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun avans 15 foiz bo‘ladi.
Ochiq muloqot oldidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarda eksportyor tadbirkorlar xorijdan mijoz topish, mahsulotni xalqaro sertifikatlash va murakkab logistika jarayonlarida to‘siqlarga uchrayotganini bayon qilishgan edi. Prezidentimiz ushbu masalalarga to‘xtalar ekan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorida raqobatdosh bo‘lishi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishini ma’lum qildi. Endilikda eksport bojxona va deklaratsiya rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi, logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imtiyozlar paketi joriy etiladi.
Prezidentimiz tashqi bozorda har bir dollar eksport uchun kuchli raqobat ketayotganini ta’kidladi. O‘rganishlarga ko‘ra, eksportchilarning 40 foizi xorijlik mijoz topishga, 36 foizi standart va sertifikatsiya talablariga moslashishga qiynalmoqda. 37 foizida qulay moliyaviy instrumentlar, 33 foizida bozor, marketing va brend bo‘yicha ko‘nikmalar yetishmaydi.
Shu bois, tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan “eksport navigator” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulotning ro‘yxati shakllantiriladi. Har bir mahsulot bo‘yicha tashqi bozordagi raqobatchilar, tarif tizimi va logistika yechimlari ishlab chiqiladi. 2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtiriladi. Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi – 500 ming dollargacha qoplab beriladi. Milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun 50 ming dollargacha subsidiya ajratiladi.
Marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatining 80 foizi kompensatsiya qilinadi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari nafaqat yutuqlarga, balki sohada uchrayotgan tizimli kamchiliklar, byurokratik g‘ovlar va tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga ham alohida e’tibor qaratdi.
Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi” degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi. “Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak”, dedi Prezident.
Shu bois, barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi. Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi. Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.
Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Ochiq muloqot davomida davlatimiz rahbari tadbirkorlik faoliyatidagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 5 ta muhim ustuvor yo‘nalishni e’lon qildi. Bu tashabbuslar biznesning moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, eksport salohiyatini oshirish va ma’muriy bosimni kamaytirishda inqilobiy ahamiyatga ega.
Uchrashuv so‘ngida Prezidentimiz tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan har bir murojaat va taklifning hududlar hamda sohalar kesimida chuqur tahlil qilinishini, ularning ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ta’kidladi. Ochiq muloqotda bildirilgan takliflar asosida tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va biznes yuritishni yanada soddalashtirishga qaratilgan yangi platforma va Davlat dasturlari ishlab chiqiladi.
Xalqimizni farovon, davlatimizni boy qiladigan haqiqiy kuch — bu tadbirkorlar. Ochiq muloqot ruhi va unda belgilangan tarixiy vazifalar yangi O‘zbekiston iqtisodiyotini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Otabek Jiyanboyev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.
O‘zA