O‘zbekistonda uy-joyni «rassrochka»ga sotishga cheklov qo‘yiladi
Bugun iste’molchilar uchun tovar va xizmatlarni bir yo‘la to‘lash emas, balki ularning qiymatini ma’lum muddat davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati tobora ommalashmoqda. Ayniqsa, maishiy texnika, elektronika, mebel, ta’mirlash va boshqa kundalik ehtiyojlar uchun muddatli to‘lov xizmatlariga talab ortib bormoqda.
Bir qarashda oddiy va qulay bo‘lgan ushbu mexanizmning iqtisodiy ahamiyati katta. Chunki muddatli to‘lov aholiga zarur tovarni bugun xarid qilish va uning qiymatini keyinchalik bosqichma-bosqich to‘lash imkonini beradi. Biroq, bozorning tez sur’atlarda kengayishi uni huquqiy va moliyaviy jihatdan tartibga solishni ham talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyatini yangi tartib asosida tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bu mexanizmning asosiy maqsadi muddatli to‘lov bozorida shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholining yashirin hamda ortiqcha qarz yuki shakllanishining oldini olish.
Yangi yondashuvning eng muhim jihatlaridan biri — muddatli to‘lov xizmati operatori tushunchasining huquqiy jihatdan aniq belgilanishi. 2027-yil 1-yanvardan bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi operatorlar maxsus reyestrga kiritilganidan keyin faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Bunda Markaziy bank asosiy tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi organ sifatida belgilanadi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish tartibida, boshqa yuridik shaxslar esa Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reyestrga kiritiladi.
Bu, avvalo, bozorda kim moliyaviy xizmat ko‘rsatayotganini aniqlash, xizmat ko‘rsatuvchilarning mas’uliyatini oshirish va iste’molchining huquqiy himoyasini kuchaytirish imkonini beradi. Ayni paytda muddatli to‘lov ob’ekti sifatida ko‘chmas mulk, shuningdek, muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan mol-mulkdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangi talablarga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmatining eng yuqori miqdori BHMning 250 baravari etib belgilanadi. Amaldagi hisob-kitoblarda bu taxminan 100 million so‘mga teng. Muddat esa 12 oydan oshmasligi kerak. Agar shartnoma muddati 12 oydan ortiq bo‘lsa, u iste’mol krediti shartnomasi sifatida baholanadi. Bu norma iqtisodiy jihatdan muhim. Chunki qisqa muddatli bo‘lib-bo‘lib to‘lash bilan uzoq muddatli kredit munosabatlarini bir xil tartibda baholab bo‘lmaydi. Muddat uzaygan sari iste’molchining umumiy xarajati va qarz yuki ham ortishi mumkin.

Shu sababli yangi tizimda muddatli to‘lov va iste’mol krediti o‘rtasida aniq huquqiy chegara qo‘yilmoqda. Eng muhim kafolat — iste’molchi qarzni istalgan vaqtda jarimasiz yopishi mumkin. Yangi tartibning iste’molchi uchun eng ahamiyatli jihatlaridan biri — qarzni muddatidan oldin so‘ndirish huquqining kafolatlanishi. Fuqaro muddatli to‘lovni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman qoplashi mumkin. Buning uchun undan qo‘shimcha jarima, penya yoki komissiya undirilmaydi. Masalan, fuqaro 12 oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida tovar xarid qildi va bir necha oydan so‘ng uning moliyaviy imkoniyati yaxshilandi. Yangi qoidalar unga qolgan qarzini oldindan yopish va ortiqcha to‘lovlarning yanada ko‘payishining oldini olish imkonini beradi.
Bu iste’molchi manfaatini himoya qilish bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni ham yanada adolatli biznes modeliga o‘tishga undaydi. Muddatli to‘lov bozoridagi asosiy muammolardan biri — tovarning reklamada ko‘rsatiladigan narxi bilan uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash natijasida iste’molchi to‘laydigan yakuniy summa o‘rtasidagi farqning har doim ham ochiq ko‘rsatilmasligi. Shu bois yangi talablarda komissiya, ustama va boshqa to‘lovlarni alohida ko‘rsatish nazarda tutilmoqda. Tovarning bazaviy qiymati bilan bir qatorda muddatli to‘lov uchun qo‘shiladigan ustama hamda kreditning to‘liq qiymati iste’molchiga bir xil o‘lchamdagi matnda, aniq va tushunarli ko‘rinishda taqdim etilishi kerak.
Bu talabning iqtisodiy mohiyati juda oddiy: iste’molchi qaror qabul qilishdan oldin tovarning haqiqiy qiymatini bilishi lozim. Masalan, «oyiga faqat 500 ming so‘mdan» degan reklama iste’molchini jalb qilishi mumkin. Agar tovarning naqd narxi 5 million so‘m bo‘lib, muddatli to‘lovda umumiy to‘lov 6,5 million so‘mga yetsa, aynan shu farq ham iste’molchiga ochiq ko‘rsatilishi kerak. Yangi mexanizmda asosiy qarzdan tashqari vositachilik haqlari, neustoyka, jarima, penya va boshqa to‘lovlarning miqdoriga ham cheklov qo‘yilmoqda. Umuman olganda, asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar yiliga muddatli to‘lov miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etmasligi belgilanmoqda.
Bu norma aholining «arzon va qulay» ko‘ringan xizmatdan foydalanib, yakunda katta miqdorda qo‘shimcha xarajatga duch kelishining oldini olishga xizmat qiladi. Muddatli to‘lovning kengayishi iste’mol bozori uchun ijobiy ta’sirga ega. Aholi tovar xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, savdo aylanmasi oshadi, ishlab chiqaruvchilar va chakana savdo sub’ektlari uchun talab kengayadi. Biroq ikkinchi tomon ham bor: aholining daromadiga nisbatan qarz majburiyatlari haddan tashqari ko‘paysa, bu nafaqat alohida oilaning moliyaviy holatiga, balki umumiy iste’mol talabiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun yangi tartibda muddatli to‘lov operatorlariga qarz yuki bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilish majburiyati yuklanmoqda. Bu yondashuvning asosiy maqsadi — iste’molchini ko‘proq qarz olishga emas, balki o‘zining moliyaviy imkoniyatini hisobga olgan holda qaror qabul qilishga yo‘naltirish.
Yana bir muhim yangilik — kredit byurolari bilan axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish talabi. Bu mexanizm orqali fuqaroning mavjud qarz majburiyatlari va ularni bajarish holati haqida ma’lumot shakllanadi. Bunday tizim ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bir tomondan, moliyaviy tashkilotlar mijozning qarzdorlik holatini yaxshiroq baholaydi. Ikkinchi tomondan, intizomli to‘lovchi fuqaroning ijobiy kredit tarixi shakllanishiga xizmat qiladi. Biroq bu yerda ma’lumotlarning aniqligi va fuqaroning huquqlarini himoya qilish masalasi ham muhim. Noto‘g‘ri kiritilgan ma’lumot iste’molchining keyingi kredit olish imkoniyatiga ta’sir qilmasligi uchun axborot almashinuvi shaffof va ishonchli bo‘lishi zarur.
Muddatli to‘lov xizmatlarida reklama iste’molchining qaror qabul qilishiga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun tovarning ustama haqi haqida chalg‘ituvchi ma’lumotlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Eng muhimi, tovarning bazaviy qiymati, muddatli to‘lovdagi ustama va kreditning to‘liq qiymati bir xil ko‘rinishda va tushunarli tarzda ko‘rsatilishi talab etiladi. Bu talab raqobatni ham sog‘lomlashtiradi. Chunki endi kompaniyalar faqat «eng past oylik to‘lov»ni reklama qilish orqali emas, balki haqiqiy narx va xizmat sifati orqali raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi.
Yangi tizim muddatli to‘lov bozorida faoliyat yurituvchi sub’ektlarni ham aniq belgilab beradi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari amaldagi moliyaviy nazorat tizimi doirasida ishlaydi. Boshqa yuridik shaxslar esa belgilangan tartibda Markaziy bank reyestridan o‘tishi lozim bo‘ladi. Bunda operatorlarga prudensial normativlarga rioya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash, raqamli identifikatsiya va verifikatsiyani amalga oshirish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi talablarga rioya qilish kabi majburiyatlar yuklanadi.
Jismoniy shaxslardan mablag‘ jalb qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi. Obligatsiyalar chiqarish bundan mustasno. Tovar iste’mol kreditini beruvchi tashkilotlar uchun ham muayyan mezonlar belgilanmoqda. Xususan, tovar aylanmasi 500 million so‘mdan ortiq bo‘lgan va bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50 foiz yoki undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning faoliyatiga alohida talablar qo‘yiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi korxonalar mustasno etiladi. Ushbu yondashuv bozorning kichik ishtirokchilarini ortiqcha ma’muriy yuklamaga duchor qilmasdan, moliyaviy xizmat ko‘rsatish ko‘lami sezilarli bo‘lgan sub’ektlarni nazorat doirasiga olish imkonini beradi.
Yangi tizimda Markaziy bankning vakolatlari ham kengayadi. U operatorlarning reyestrini yuritadi, ruxsat berish va xabardor qilish tartiblarini belgilaydi, qarz yukining eng yuqori miqdori bo‘yicha talablarni joriy qilishi, ustav kapitaliga nisbatan minimal talablarni belgilashi mumkin.
Shuningdek, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari, axborot xavfsizligi, prudensial normativlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan talablar ustidan nazorat o‘rnatiladi. Belgilangan talablarni buzgan tashkilotlarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanishi ham nazarda tutilmoqda. Muddatli to‘lov bozorini tartibga solishni faqat nazoratni kuchaytirish sifatida baholash to‘g‘ri emas. Aksincha, bu jarayon moliyaviy texnologiyalar va chakana savdo bozorining institutsional rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Birinchidan, iste’molchi uchun axborot shaffofligi oshadi. Ikkinchidan, mas’uliyatsiz qarzlanish xavfi kamayadi. Uchinchidan, kredit tarixi institutining qamrovi kengayadi. To‘rtinchidan, raqamli identifikatsiya va verifikatsiya xizmatlari rivojlanadi. Beshinchidan, qonuniy va shaffof ishlayotgan kompaniyalar uchun raqobat muhiti yaxshilanadi. Oltinchidan, muddatli to‘lov xizmatlari kredit bozori bilan uyg‘unlashib, moliyaviy xizmatlarning raqamlashuvini tezlashtirishi mumkin.
Eng muhimi, bu jarayonda iste’molchi «xaridor»dan «xabardor moliyaviy qaror qabul qiluvchi shaxs»ga aylanishi kerak. Asosiy vazifa — bozorni qisqartirish emas, uni sivilizatsiyali rivojlantirish
Muddatli to‘lov xizmatlarini tartibga solishning iqtisodiy mohiyati bozorni cheklashda emas. Aksincha, uning shaffof, barqaror va mas’uliyatli rivojlanishi uchun qoidalar yaratishdan iborat. 2027-yil 1-yanvardan joriy etiladigan yangi mexanizmlar orqali davlat, moliyaviy tashkilotlar, savdo sub’ektlari va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarning aniq qoidalari shakllanadi.
Bunda eng muhim mezon — fuqaro muddatli to‘lovga kirishayotganda nimani qanchaga olayotganini, yakunda qancha mablag‘ to‘lashini va ushbu majburiyat uning oilaviy byudjetiga qanday ta’sir qilishini oldindan aniq bilishi. Chunki zamonaviy moliyaviy bozorda xizmatning qulayligi bilan bir qatorda uning narxi, xavfi va iste’molchi uchun oqibatlari ham ochiq ko‘rsatilishi shart. Shunday ekan, muddatli to‘lov bozoridagi yangi qoidalarni oddiy ma’muriy talablar emas, balki aholining moliyaviy manfaatlarini himoya qilish, mas’uliyatli qarzlanish madaniyatini shakllantirish va raqamli moliyaviy xizmatlarni sivilizatsiyali rivojlantirishga qaratilgan muhim iqtisodiy qadam sifatida baholash mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA