Tadbirkorlarga moliyaviy jarimalarni olti oyda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilmoqda
Qonunchilik palatasi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirish, ular ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
— Qonun loyihasida moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilmoqda, — dedi deputat Dilmurod Ismoilov. — Shuningdek, moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yanada yengillashtirish belgilanmoqda. Bu tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilish imkonini beradi.
Loyiha bilan moliyaviy jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda jarima miqdorining ellik foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish yoki jarimani olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Moliyaviy jarima solish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, jarima summasini qisqa muddatlarda qaytarish, kechiktirilgan taqdirda esa Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etilmoqda, — dedi deputat.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish, davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida bu boradagi munosabatlarni yanada soddalashtirish hamda moliyaviy jarimalarni to‘lashda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA