Formali kiyim-boshdan foydalanish va harbiy xizmatga oid loyihalar ko‘rib chiqildi
Parlament quyi palatasi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209¹-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi formali kiyim-boshlardan foydalanish tartib-qoidalariga oid.
— Ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda, — dedi qo‘mita raisi U.Shermatov. — Shu bois, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davlat xizmati obro‘sini himoya qilish hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan oliy harbiy, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar tizimida muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat qalqoni” kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallagan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish nazarda tutilmoqda.
Muhokamalardan so‘ng har ikkala qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA